Breaking News

Markaziy Osiyo suv zaxiralari tejalsa, hammaga yetadi


Yevropa Ittifoqiga ko`ra yaqin kelajakda suv taqchilligi Markaziy Osiyodagi keskin ziddiyatlarga sabab bo`lishi mumkin.

Ittifoqning tashqi aloqalari bo`yicha bosh rasmiysi Xavyer Solana Tojikiston va Qirg`izistondagi muzliklar keyingi o`n yillikda bir necha barobarga kamayganini ta`kidlagan.

Sharhlovchilar nazarida esa suv bo`yicha ziddiyatlar hozirdanoq ko’zga tashlanmoqda va mintaqa davlatlari bu borada hamkorlik qila olmayapti.

“Ekosan” jamg`armasi direktori Yusuf Shodimetovning aytishicha, suv taqchilligi haqidagi tashvishlar o`rinli.

“Keyingi 20 yil ichida muzliklar zaxirasi 40 foizga kamaydi. Markaziy Osiyoda 160-170 kubokilometr suv bo`lsa, shu 130 darajaga tushmoqda. Asosiy sabab global iqlim o`zgarishi. Yevropa ittifoqi bildirgan tashvishlarda jon bor. 2020-2030 yilga borib muammo keskinlashadi. Harorat 2- 2,5 darajaga ko`tarilishi mumkin. Orol dengizining qurishi natijasida genofond yomonlashib, biologik xilma-xillik kamaygan”, - deydi Shodimetov.

Uning aytishicha, suv taqchilligi ziddiyatlarga sabab bo'lishi mumkin degan taxminlar asossiz.

“Ayrim ekspertlar o`zlari tushunmasdan shunday xulosalarga keladi. Biz shu yerda yashaymiz. Mintaqa rahbarlari bu borada hamkorlikka tayyor. Biroq masala mablag' va investitsiyaga bo`gliq. Agar o’sha ekspertlar birgalashib, Yevropa moliyaviy tashkilotlari e`tiborini shu loyihalarga qaratsa, bunday prognozlarga ehtiyoj qolmaydi ”.

Yaqinda mutaxassislar suv muammolari muhokamasi uchun Bishkekda yig`ilgan edi. Muhokama tomonlar pozitsiyasini eshitish bilan tugagan.

Mintaqadagi yirik daryolar - Sirdaryo va Amudaryo boshida joylashgan Qirg`iziston va Tojikiston suvni mahsulot sifatida sotish yoki imtiyozlarga ega bo`lish niyatida.

Tojikiston esa suv o`zanlarida yangi elektrostansiyalar qurish tarafdori.

Bu takliflarga suvning asosiy iste`molchisi - O`zbekiston qarshi. Suvni tovar sifatida sotish mumkin emas. Mintaqaviy daryolarda suv inshootlarini qurish kelishuv asosida amalgam oshishi kerak, deydi O’zbekiston rasmiylari.

“Suv Qirg’iziston va Tojikiston uchun energetik resurs. Lekin bu degani katta-katta suv inshootlari qurib, suvni to’sib, energiyani Xitoyga, Pokistonga, Eronga sotish mumkin degani emas. Birinchi navbatda mintaqa aholisi ta`minlanishi kerak. Bu xalqaro konvensiyalarda ham o’z aksini topgan”, - deydi bu borada “Suvchi” nodavlat tashkiloti rahbari Tohir Majidov.

Qirg’iziston va Tojikiston elektr energiya va gazni O`zbekistondan sotib oladi. Bu esa rasmiy Toshkentga energiyadan siyosiy bosim sifatida foydalanishga imkon beradi.

“Suvchi” nodavlat tashkiloti direktori Tohir Majitovning aytishicha, Yevropada harorat ko’tarilmoqda. Biroq bu muzliklar erib bitadi degani emas. Chunki tabiat o`zini-o`zi tiklash xususyatiga ega.

“Mintaqada 53-54 million aholi yashaydi, suv zahiralarimiz tejab ishlatilsa, 100-120 million aholini ham boqishga yetadi, yerlarimiz ham shunday”, - deydi Tohir Majidov.

Ayrim mutaxassilar nazarida Orol qurishi oqibatida yuz bergan ekologik fojea mintaqada kutilayotgan muammolardan biri xolos.

O`zbekistonda avval qo'shib-yozishlar bilan 6 million tonna paxta yetishtirilgan. Hozir bu ko`rsatkich 4 million tonnani tashkil etadi. Ayni paytda paxta hosili miqdorini oshirish harakati va tuproq salomatligining buzilishi kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG