Markaziy Osiyo davlatlari – O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Tojikiston suv hamda energiya manbalarini baham ko’rish bo’yicha muzokara qilib, nihoyat mintaqa tabiiy boyliklaridan foydalanishga doir kelishuv imzolagan.
Bu degani, Markaziy Osiyo aholisi kuzning sovuq kunlarida va, muhimi, qahraton qishda issiqlik va elektr energiyasi bilan muntazam ta’minlanishi mumkin.
O’tgan yili Tojikiston va Qirg’iziston xalqi sovuq qishdan arang chiqqan, joriy yilning sentyabr oyidayoq ikki davlatda energiya ta’minoti tez-tez o’chadigan bo’lib qolgan edi. Biroq mintaqa davlatlari uchrashib, bunga chek qo’yishni uddaladi.
Almatida o’tgan uchrashuvda tomonlar yakuniy qarorga kelgan.
Ya’ni Qirg’iziston O’zbekistondan qo’shimcha gaz, Qozog’istondan esa ko’proq ko’mir va elektr energiyasi oladi.
Turkmaniston o’z navbatida Tojikiston va Qirg’izistonga elektr energiyasini yetkazadi. O’zbekiston bu gazning o’z hududi orqali o’tishiga ijozat berdi. Bu degani, Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyalari muntazam ravishda ishlab, Qirg’iziston xalqi svet va issiqlik bilan ta’minalanadi.
Evaziga Qirg’iziston To’xtag’ul suv omboridagi suvni saqlab, energiya ishlab chiqarish uchun isrof qilmaydi. Kuz va qishki yog’in natijasida omborda g’amlangan suv yozga borib Qozog’iston va O’zbekiston dalalarini sug’orishga sarflanadi.
Bu kelishuv hamkorlikda qabul qilingan muhim mintaqaviy qaror deya e’tirof etilmoqda. O`zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Bekjon Toshmuhammedov fikricha, mintaqa tarixiy va jo’g’rofiy jihatdan yaxlit, demak hamkorlik zarur va buni rad etib bo`lmaydi.
“Irrigatsiya va enegetika tizimi bir-biriga juda yaqin. Hamkorlikni shakllantirish imkoniyati bor. Buning uchun mintaqada umumiy enegetik tizim yaratish kerak. Suv va issiqlikda ishlaydigan elektr stansiyalar imkoniyati muvofiqlashtirilsa, mintaqa suvidan irrigatsiya uchun ham, elektr quvvati uchun ham samarali foydalanish imkoniyati bo`ladi. Menga gaz ber, menga suv ber, degan e`tirozlar tug`ilmaydi”, - deydi Bekjon Tohsmuhammedov.
Bu orada Afg’oniston Qishloq xo`jaligi vazirligi mintaqa suv zaxiralari borasida bayonot bergan.
Afg’oniston.ru axborot agentligi e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, mamlakat suv taqchilligidan azob chekayotgan bir paytda suvning asosiy qismi qo`shni davlatlarga chiqib ketmoqda, buning oldini olish uchun to’g’on qurish zarur.
Ekolog Rustam Rajabovning aytishicha, Amudaryoga quyilayotgan asosiy irmoqlardan biri - Panj haqida gap ketayotgan bo’lishi mumkin.
“Tojikiston bilan Afg’oniston chegarasidan o’tuvchi Panj daryosining qancha qismi qayerga sarflanayotgani haqida aniq raqamlar yo’q. Tojikiston va Afg’onistondan Vaxsh daryosi kirib keladi. Qancha? Qayerga kelayapti bu suv, kim foydalanayapti? Aniq emas”, - deydi ekolog olim.
Akademik Bekjon Toshmuhammedov fikricha, Amudaryoning 15 foizdan ko’pini Afg’onistondan kelayotgan suv tashkil etadi. Jo’g’rofiy jihatdan olganda to’g’on qurish imkoniyati mavjud.
“Amudaryo Afg’oniston va O`zbekiston o`rtasidagi transchegaraviy daryo, albatta afg`onlar o`z hududidan oqayotgan 15 foiz suvdan foydalanish huquqiga ega”, - deydi Toshmuhammedov.
Akademikning so’zlariga ko`ra, muammo suvning elektr quvvati sifatidagi qadri oshishi bilan bog’liq. Buni mintaqada umumiy energetik tizim yaratish bilan hal etish mumkin.
Mutaxassislar nazarida suv zaxirasini dolzarbligi nafaqat elektr quvvatiga bo`lgan ehtiyojning oshishi, balki kelajakda mintaqada qurg`oqchilik kuzatilishi haqidagi tashxislar bilan ham bog`liq.