Breaking News

Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?


Kuchli davlatlar diqqati Markaziy Osiyoda

Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya mintaqa energiya zaxiralarini taqsimlash va sotish yo’llari borasida muzokara qilmoqda.

Sharhlovchilar fikricha, tomonlar kelishsa, nafaqat Turkmaniston balki, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar ham mahsulotni istagan yo’nalishda va xalqaro narxda eksport qilishi mumkin.

Hozir kuchli davlatlar diqqati mazkur mintaqaga qaratilgan.

Bu vaziyat Markaziy Osiyo birlashishiga xizmat qilishi kerak. Ittifoq va birdamlik davlatlardan iroda va xohish talab qiladi.

Yevropa sari yo'l

Turkmaniston, Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari Qurbonguli Berdimuhamedov, Abdulla Gul va Ilhom Aliyev Turkmanboshi shahrida uchrashib, energoresurslar siyosatini muvofiqlashtirish borasida maslahatlashgan.

Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa bozoriga bevositda chiqish imkoniyatiga ega emas, barcha yo’llar Rossiya orqali o’tgan.

AQSh, Yevropa, Rossiya va Xitoy manfaatlari mazkur regionda to’qnashayotgani sir emas, Markaziy Osiyo energiya zaxiralariga talab hamisha yuqori bo’lgan.

Mintaqa gazini Yevropaga yetkazishning muqobil yo’llari anchadan buyon muhokamada bo`lsa-da, bu borada aniq chora ko’rilmayotgan edi.

Turkmanboshi shahrida o`tgan uchrashuv Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyani, demakki, Yevropani bog’lash yo’lidagi amaliy qadam sifatida talqin etilmoqda.

“O’zbekiston bu loyihaga qo’shilishi mumkin. Bundan ham bilvosita, ham bevosita manfaatdor. Diversifikasiya natijasida bozor qonunlari ishlay boshlaydi, geosiyosiy vaziyat o’zgarishi mumkin”, - deydi bu borada sharhlovchi Farhod Tolipov.

Sharhlovchi Komron Aliyevning aytishicha, gaz eksporti diversifikasiyasi mintaqa iqtisodiyoti rivoji uchun muhim.

“Yevropa bu gazni kamida 300 dollardan sotib olishga tayyor, shuning o`zidan foyda ko’ramiz. Bundan bir necha yil avval qilingan hisob-kitoblarga ko`ra, Turkmaniston Rossiyaga gaz sotar ekan, dunyo narxlariga qiyoslaganda yiliga millard dollargacha zarar ko`rib kelgan. Bu Turkmanboshining o`z xavfsizligi, Turkmaniston xavfsizligi uchun Rossiyaga qilgan sovg`asi edi”, - deydi sharhlovchi.

Mintaqa resurslarini Yevropaga chiqarish yo’llarini ko’paytirish, bunga turkiy davlatlar yordamida erishish masalasi jug`rofiy jihatdan izohlansa-da, bu - turkiy davlatlar ittifoqi, birlashuvini kuchaytirish, umumiy bozor yaratish masalalariga ham turtki berayotganini tan olmasdan iloj yo’q.

Turkmaniston va O'zbekiston nima uchun o'zini chetga olmoqda?

Yaqinda Turkiyada turkiy xalqlar birlashuvi-integratsiyasini rivojlantirish maqsadida Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasini tuzishga kelishib olindi.

Biroq Turkiya, Ozarbayjon, Qirg’iziston Qozog`iston qo`llab-quvvatlagan bu qarorda Turkmaniston va O`zbekistonning imzosi yo`q.

“Turkiya mintaqaga ta’sir eta oluvchi mamlakat. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda mavqeini mustahkamlashga urinmoqda. Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirib, katta bozor yaratishni istaydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Sobir Razzoqov.

Turkmaniston va O`zbekiston Assamleyadan chetda turishni ma’qul topgani haqida turli fikrlar mavjud.

Ayrim sharhlovchilar buning sababini Turkmaniston va O’zbekiston boshqaruv tizimlaridagi o’xshashlikda ko`radi.

“Sabab shaxsga borib taqalsa kerak. Bunaqa voqealar odatda xalqqa oshkor qilinib, “shunaqa bo`layapti, parlamentlararo assamleya tashkil qilinmoqda, qo`shilamizmi?” degan ma’noda maslahat qilinadi. Demokratik davlatlarda shunaqa. Bu yerda shaxs kerak emas desa, demak mamlakat qo`shilmaydi”, - deydi sharhlovchi Botir Norboyev.

Farhod Tolipovning aytishicha, O`zbekiston Parlament Assambleyasiga qo`shilishi ehtimoldan holi emas.

“O’zbekiston ertami, kechmi baribir qo’shiladi. Chunki turkiy davlatlar sammitida O`zbekiston ishtirok etdi, oxirgi sammitlarni nazarda tutmaganda. Chunki bu milliy, madaniy manfaatlarimizga javob beradi, qolaversa, geosiyosiy vaziyatga ham ijobiy ta’sir qiladi”, - deydi Tolipov.

Sharqshunos olim Telman Sattorov nazarida turkiy xalqar ittifoqiga siyosiy tus bermaslik kerak, avvalo xalqar o`rtasida uzilgan madaniy aloqalarni tiklash kerak.

“Hozir katta bir turk davlati quramiz, degan masalani qo’yish kerak. Turkiylarning bir tomoni Xitoyda bo`lsa, ikinchi tomoni Oltoyda, Rossiyada. Iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirishimiz kerak. Tariximiz bir, Turkiya xalqi ham shu yerdan tarqalgan”, - deydi Sattorov.

"Turkiston - umumiy uyimiz"; Qozog'iston va O'zbekiston ixtilofi

Bugun mintaqa davlatlari ittifoqini tashkil etish tashabbusi ham ko`p takrorlanmoqda. Shunisi diqqatga loyiqki, tashabbus tez-tez tilga olinayotgan, biroq amalga oshmay kelayotgan g’oyalardan biri.

90-yillar boshida sobiq ittifoq tarqalgach, mintaqa davlatlari ittifoq e`lon qilgan, biroq bu hamkorlik asoslari ishlab chiqilmagan edi. 90-yillar o’rtalarida O`zbekiston “Turkiston - umumiy uyimiz” tashabbusini ko`tardi, ammo g’oya ildiz otmadi.

Bugun Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi zarurligini ta`kidlamoqda. O`zbekiston esa bu tashabbusga qarshi, aniqrog`i qo`shilmasligini ma`lum qilgan.

Sabab, asosan, O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida yetkachilik uchun kurash, degan qarashlar bor.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov nazarida bu mantiqsiz kurash.

“Nega ular kurashadi. Agar oddiy iqtisodga qaraganda ham O`zbekistonning iqtisodiyoti bo`sh. Kim kuchli bo`lsa, o`sha tortadi aravani. O`zbekiston, ehtimol, buni shunchaki bahona qilayotgandir. Bu siyosatni tushunib bo`lmaydi”, - deydi Xudoyberganov.

Sharhlovchi Botir Norboyev fikricha, O`zbekiston yirik davlatlar xohish-irodasiga ko’ra siyosat yuritadi.

“Turkmaniston ham, Ozbekiston ham hali bundan to`liq qutulgani yo`q. Aytib qo`yadi-ku, katta og`alik qilmang, deb, lekin aslida ta`siri kuchli. Qozog’iston yaxshi taklif aytdi. O'zbekiston qo`shilganda, iqtisodiyot rivojlanar edi. Chegaralar ochilardi, bordi-keldi yaxshilanardi. Qozogiston har holda yarim demokratik mamlakat, oshkoralik bor, matbuot nisbatan erkin. O`zbekiston shundan xavfsiradi”, - deydi Norboyev.

“Qozog`iston prezidentining taklifi yangi emas, avval ham aytilgan. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlarining avvalgi tashkilotlarni tugatib, yana o’xshash tashabbus bilan chiqishi, biz tahlilchilarni ozgina hayratlantiradi. Demak, xatolarini tan olishayapti, degan taxminga boramiz. Bu tarix bo`lsa kerak, Markaziy Osiyoning o`z rivojlanish qonunlari bor”, - deydi Tolipov.

Ayrim ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil tashkilot doirasida birlasha olmayotganini mintaqa yetkchilarining faqat kuchli davlat izmiga bo`ysunishga odatlanganida ko`radi.

XS
SM
MD
LG