Tabiiy energiyaga boy O’zbekiston gaz va elektr quvvatini eksport qiluvchi davlatlardan.
Ammo bu boylikdan aholi vaqtida va muntazam bahramand bo’layotgani yo’q.
Hukumat qarorlarida aholiga kuniga 12 soatdan elektr energiyasi uzatish belgilangan, ammo bu ko’rsatma viloyatlarda bajarilmayapti.
O’zbekiston tez orada gaz eksportini 25 milliard kubometrga yetkazishni rejalamoqda.
Bu haqda O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Toshkentda Bolgariya prezidenti Georgiy Pirvanov bilan muzokaralarda ma`lum qilgan edi.
Mamlakat gaz eksporti bilan shug’ullanuvchi davlat bo’lishiga qaramasdan aholisining asosiy qismi bu ne’matdan bebahra qolmoqda.
O`tgan qish o`ta og`ir kechdi. Gaz va elektr yetishmovchiligi ayrim tumanlarda aholining ochiq noroziligiga, tartibsizliklarga sabab bo`lgan edi.
Hali qattiq sovuq tushmagan bo`lsa-da, hozirdanoq elekt ta`minoti bilan bog`liq muammolar kuzatilmoqda.
Hukumat bu yil aholiga sutkasiga 12 soat elektr quvvati kafolatlagan.
“Lekin shuni ham bajarmayapti. Ertalabdan o`chiradi, sutkasiga 3-4 soatdan chiroq berayapti. O’tgan yili bunaqa cheklashlar yo’q edi. Chiroq avariyniy holatlarda o`chardi. Transformator yonib ketardi. Pul yig`ib, o`zimiz tuzatar edik”, - deydi fuqarolardan biri.
O`zbekiston qo`shni Tojikiston va Afg`onistonga elektr energiyasi sotadi. Vaholanki viloyatlarda tok doimo qahat.
“Haqiqatda ahvol ancha ayanchli, hatto Toshkent viloyatida ham shunday. Chiroq sutkasiga 3-4 soat berilsa, shuncha vaqt o`chiriladi. Buning sababi elekt stansiyalarda ishlab chiqarish mutlaqo pasayib ketgan. Issiqlik stansiyalari ishlamaypti’, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.
Elektr yetishmasligi nafaqat aholi turmushida, balki turli idora, tashkilotlar faoliyatiga ham salbiy ta'sir o'tkazmoqda.
“Hamma joyda o’chayapti, shifoxonalarda, banklarda. Hokimiyatdagilar limit belgilangan. “Qarzlar ko`paygan, nima qila olamiz?” deyishadi, xolos”, - deydi suhbatdoshimiz.
Fuqarolardan birining aytishicha, qishloqdagi bugungi hayot juda og`ir. Ijtimoiy nafaqa berilganda, gaz va chiroq uchun pul ushlab qolinadi. Haqiqatda esa na gaz, na chiroq bor.
“Gaz olib kelamiz deb odamlarning qancha pulini oldi. Lekin gaz yo`q. Chiroqni ham sutkasiga 3-4 soat beradi. Televizor ko`rishga ham imkoniyat yo`q”, - deydi u.
“Gaz ishlab chiqarish quvvati hali sezilarli oshmagan. Farg’ona, Andijon va boshqa viloyatlarda gaz yetishmaydi. Hukumat aholi iste`moliga mo`ljallangan gaz miqdorini yanada qisqartirib, tashqariga sotilayotgan gaz hajmini oshrishni mo`ljallayapti”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.
Gaz va elektr energiyasi yetishmovchiligi viloyatlarda aholi noroziligiga sabab bo`lsa-da, hukumat bu borada biror chora-tadbir ko’rayotganidan darak yo’q.