Breaking News

O'zbekiston va Xitoy gaz quvuri qurish arafasida


Shu yilning iyul oyidan boshlab O`zbekiston va Xitoy o`rtasida gaz quvurlarining qurilishi boshlanadi. Qurilish ishlarini “O`zbekneftegaz” va Xitoy davlat kompaniyasi hamkorligida yaqinda tuzilgan qo`shma korxona bajaradi. Mazkur loyihaning mintaqa davlatlarini Xitoy bilan bog`lovchi asosiy energetik korridor bo`lishi ta`kidlanmoqda.

Qozog'iston, Turkmaniston va O`zbekiston gazini Xitoyga olib chiqishni rejalagan mazkur quvurning 500 kilometrdan oshiqrog`i O`zbekiston hududi orqali o`tadi. 2012 yildan boshlab ushbu quvurlar to`liq ravishda ishga tushishi rejalashtirilgan.

Agar loyiha amalga oshsa, O`zbekiston hozirgacha asosiy xaridor sanalgan Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasidan tashqari boshqa yo`nalishdagi yangi bir xaridorga ega bo`ladi.

Bungacha “Gazprom” Xitoyga yonilg'ini eksport qilish borasida faol muzokaralr yuritib kelayotgan edi.

Sharhlovchilarga ko`ra mintaqa va Xitoy o`rtasida amalga oshishi rejalanagan mazkur loyiha ikki muhum o`yinchi - Rossiya va Xitoy o`rtasidagi geopolitik manfaatlar to`qnasha boshlayotganidan ham dalolat beradi.

"Xitoy va Rossiya Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi asosiy o`yinchilar hisoblanadi. Ular mintaqaga, yangi hududlarga kirib kelish uchun bir-biriga imkoniyat berishni ham nazarda tutishgan, biroq agar mintaqa davlatlari Xitoyga gaz sotish loyihasidan voz kechganda edi, bundan Rossiya faqat xursand bo`lardi. Rossiya Turkmanistondan arzon narxda gaz sotib olishdan yiliga bir milliard, Qozog`iston va O`zbekistondan 500 million dollardan daromad ko`rib kelayotgan edi ”, deydi sharhlovchi Kamron Aliyev.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovga ko`ra Xitoyning mintaqadagi ishtiroki ortida asosan iqtisodiy manfaatlar bor.

“Xitoy mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga harakat qilyapti xolos, ayrim xalqaro masalalarda pozitsiya bir xil bo`lishi mumkin, bu erda harbiy yoki siyosiy ishtirok haqida gap ketayotgani yo`q. Geosiyosiy jihatdan, asosan Rossiya va AQShning pozitsiyasi kuchli ”, - deydi Soyibnazarov.

Kamron Aliyev fikricha mintaqa energetikasini Xitoyga eksport qilish Rossiya monopoliyasiga qarshi turishga yordam beradi, biroq Xitoyning mintaqaga ekspansiya tahdidini unutmaslik lozim.

“Xitoy bilan bu borada shartnomaga kelishish mintaqa davlatlariga gaz narxini xalqaro darajada ko`tarishga imkon beradi. Shu bilan birga Xitoy bilan aloqalarning intensivlashishi, energetikani mutlaq u tomonga burish kelajakda Xitoyni mintaqaga ekspansiyasi bilan aks-sado berishi mumkin. Xitoyning Tibetdagi, Uyg'ur avtonomiyasidagi siyosati shuni ko`rsatmoqdaki, mahalliy aholiga tug'ishni cheklash natijasida, ayrim ma`lumotlarga ko`ra Uyg'uristonda xitoylarning soni bir necha barobarga ko`paygan. Bu Xitoyni agressiv demografik siyosati natijasida amalga oshmoqda,” - deydi Aliyev.

Mintaqa yonilg'i mahsulotlarini Rossiyani chetlagan holda dunyo bozoriga chiqarish bo'yicha bir nechta loyiha mavjud, biroq ularning aksariyati qog'ozda qolib ketmoqda.

Sharhlovchilardan biriga ko`ra O`zbekiston energetik eksport imkoniyatining kengayishini mamlakatdagi umumiy vaziyatga qanchalik ta`sir o`tkazishi noma`lum. O`zbekiston mintaqada Turkmanistondan keyin ikkinchi gaz eksport qiluvchi mamlakat hisoblanadi.

Biroq sharhlovchiga ko`ra bu ko`rsatkich hozirgacha O`zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yaxshilanishiga ta`sir o`tkazmagan. O`zbekiston energetik zahiralari, jumladan mahsulot eksportidan kelayotgan daromad, sarflanish va yo`nalish jarayonida musaffolik yo`q.

XS
SM
MD
LG