Breaking News

Zulmatdagi Tojikiston: aholi yorug'i yo'q chiroq ishlatishga majbur


Har yili qish kelganida Tojikistonda bir xil manzara – xonadonlarda tok yo’q, aholining katta qismi elektr energiyasi, issiqlikka muhtoj.

Bu yil viloyat markazlarida elektr ta’minoti yo’lga qo’yilgani bilan muammolar hali talaygina.

Mustaqillikdan so’ng elektr energiyasi taqchilligiga uchragan Tojikistonda shu yil oktyabr oyidan boshlab “Ilich chiroqlari” – cho’g’lanuvchi oddiy lampochkani respublika hududiga kiritish va sotish taqiqlab qo’yildi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon farmoniga ko’ra, elektr energiyasini tejash va ta’minotdagi og’ir vaziyatdan chiqish uchun mamlakat yoppasiga quvvatni oz sarflovchi lampochkalarni ishlatishga o’tmoqda.

Tojikiston ziyolilari aytmoqchi, “respublika “o’ziga xos va o’ziga mos” lampochka siyosatiga o’tgan”.

Hukumat vakilari prezident farmonini tezroq amal oldirish uchun fuqarolar xonadonlarini maxsus komissiya tuzib, yangi lampochkalar qo’yilgan-qo’yilmaganini taftish qilmoqda. Kambag’al oilalarga hukumat hisobidan yangisi berilmoqda. Kimning xonadonida “Ilich chiroqlari” bo’lsa, sindirib ketishmoqda.

Mutaxasislarning bildirishicha, oz quvvat sarflovchi neon lampalarining ishlatilishi bilan har bir tumanda o’rtacha yuz ming, respublika bo’yicha esa yuz millionlab kilovatt soat elektr energiyasi tejalishi mumkin.

Uy bekalarining aytishicha, hukumat tomonidan tarqatilayotgan yangi lampochkalar hammaga ham nasib etavermaydi, tez ishdan chiqadi.

“Yangi lampochkani yordam tariqasida berishgandi, qo’ymagandik. Posyolka jamoatidan kelishib, o’zlari qo’yib, eskisini sindirib tashlashdi.”

“Lekin bizga berishmadi. Pensioner bo’lsak, qayerdan olamiz bunaqa lampochkani to’rt-besh somonga?”

“Eski lampochkalarni qo’ysak, allaqancha jarima ekan…” - Tojikistonda hozir aksar uy bekalaridan shu taxlit so’zlarni eshitish mumkin.

Keksa otaxon Abdumannon Muhammadkarimov bu masala hukumat tomonidan qat’iy nazorat qilinayotganini aytar ekan, “uch kunda bir komissiya borib tekshiradi, lampochka almashdimi-yo’qmi deb, lampochkaning muammosi katta bo’p ketdi. Lekin, qariyalar ko’zga halaqit beradi deyishmoqda” deydi.

Majburan qo’yilayotgan lampochkalar, aholining aytishicha, ularga ma’qul emas.

“Kecha ovqat qilayotganda ko’zim tindi, uni olib eski lampochkadan qo’yib ovqat qildim. Lmapochka qo’ymasangiz, jamoatdan kerakli ma’lumotnomani berishmaydi. Eshigiga “Ma’lumotnoma uchun kelganlar diqqatiga: Domkomdan ekonomikali lampochka qo’yilganligi to’g’risida ma’lumotnoma va soliq to’laganligi to’g’risidagi kvitansiya bilan kiringlar” deb yo’zib qo’yibdi”,- deydi uy bekalaridan biri.

76 yashar nafaqaxo’r Odil Fay’ziyev “bitta ma’lumotnoma uchun kecha ikki somon ketdi, bugun yana xarajat qilaman, hali xudo biladi bular hujjat berishini, sal insof kerakda endi”- deb kuyunadi.

Qishloq jamoati raisi o’rinbosari Dilbar Mamajonova “hukumat tomonidan buyruq berilgan, biz hisobot beramiz. Xalqqa aytsak, qo’ymayapti, majbur shunday qaror qilishgan. Hujjat olish uchun xalq oladi-da endi. Bo’lmasa, mahalla raislari aytganga yarasha odamlar qo’ymayaptida”- deb izohlaydi qilinayotgan ishlarni.

Fuqaro Yormamat Ro’zimatov bu ishni inson huquqlarini poymol qilish deb baholaydi.

“Bunda har kishini ixtiyori bor axir. Buni yorug’i past, ko’zimizga ziyon-ku, uyda yorug’lik kerak-ku insonga. Mana shu xalqqa javrda endi”, - deydi Ro’zimatov.

Nov qishloq jamoati raisi Shuhrat Karimov prezident farmoniga ko’ra viloyat rasmiylari maxsus qaror chiqarganini, qishloq jamoati uni bajarishi kerakligini aytadi.

“Prezidentni farmoniga binoan biz hamma uylarni lampochka bilan ta’minlashimiz kerak. Lampochka qo’yilmasa, odamlarni uyi elektr tarmog’idan uzib qo’yiladi. Bu narsa Tojikistonni ekonomikasiga olib boradi. Uch barobar ekonom bo’lgandan keyin bizni svet uch soat emas, besh soat yonadi, besh soat emas, o’n ikki soat yonadi, o’n ikki soat emas, yigirma to’rt soat yonadi. Bir-ikki yildan keyin, shu narsaga toqat qilib turiylar, GESlar ishga tushsa, yuz foiz lampochka yonadi”, - deb porloq kelajakni va’da qiladi qishloq oqsoqoli.

Bir tojik onaxoni “Xalq qanchalar hozir azobu uqubat chekib turibdi. Qorong’u kechalarda go’dak-qariyalar uyga kirishga sovuq deb bir yerga yig’ilishadi. Qishloq joylarda, yaydoq erda izg’irinda qolishni o’zi bo’lmaydi”- deb nola qiladi.

Mahalla faoli Narziqul Nabiyev xalq hukumat qarorlari izmida deb biladi. “Davlatni qonuni – qonun. Qonun bo’lgandan keyin, davlatni buyrug’i bo’ladi, uni qilmasa bo’lmaydi. Xalq shu qonunga yuradi” -deb fikr bildiradi u.

XS
SM
MD
LG