Breaking News

Rog'un o'rniga kichik atom stansiyalari qurish taklif etilmoqda


Tojikiston va O’zbekiston “Rog'un” GESi ustida talashib-tortishar ekan, ekspertlar gidro emas, atom stansiyalarini qurishni taklif qilmoqda.

O’zbek jamoatchiligi “Rog’un” loyihasini fojia desa, Tojikiston xavotirga o’rin yo’q, to’g’on ekologiyaga ta’sir qilmaydi, deb tinchlantirmoqchi bo’ladi.

“Rog'un” muammosining bosh vazirlar darajasida muhokama qilinishi ahvolni yanada og’irlashtirgan ko’rinadi. O'zbek va tojik matbuotidagi chiqishlar ham o'zaro tanqidlardan iborat.

Yaqinda Tojikiston matbuotida e’lon qilingan bayonotda mahalliy o'zbeklar rasmiy Toshkentdan “Rog'un” masalasiga aralashmaslikni talab etadi.

O'zbekiston jamoatchiligi esa loyihani halokatli deb hisoblaydi.

Tojikiston tomoniga ko'ra, Toshkentning xavotirlari asossiz, to'g'on bexatar, mintaqa ekologiyasiga ta’sir ko'rsatmaydi, qishloq xo'jaligi uchun esa qulayliklar yaratadi.

Ziddiyatlarni bartaraf etish uchun turli taklif, mulohazalar bildirilmoqda. O’zbekistondagi “Tezkor guruh” markazi GES o'rniga mintaqa uchun umumiy bo'lgan atom elektrostansiyasi qurish kerak, demoqda.

“Atom energetikasi ekologik jihatdan xavfsiz. Bunday stansiyalar qurish uchun mintaqada joylar bor. Atom energetikasi bu masalani hal qiladigan yo'nalish. Mintaqa davlatlari maslahatlashib shuni amalga oshirsa, bu nihoyatda kerakli narsa bo'ladi. Ba’zilar Chernobilni misol qilib, xavotir bildiradi, lekin avval bilish kerak avariyaga nimalar sabab bo'lganini. Masalaning yana bir tomoni bor - albatta buning uchun sarmoya qidiriladi. Mintaqa xalqlari taqdirini o'ylaydigan investor topiladi, shunda kimning kimligi ham ma'lum bo'lib qoladi”, - deydi markaz vakili, tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.

Uning aytishicha, butun dunyoda yirik suv inshootlari qurish tajbirasidan voz kechilayotgan bir paytda bu qurilishga qaytish xatardan xoli emas.

“Gidroelektrostansiyalarni qurish zararli ekani isbot qilingan. Odamlar men quraman, senga hech narsa qilmaydi, deb aytadi. Lekin aslida tabiatga aralashib bo'lmaydi. Umuman, rejim o'zgaradi: to'g'on qurilgach, uni to'ldirish kerak. Shunga vaqt ketadimi? Pastga tushadigan suv kamayadimi? Yana nima gapirish mumkin bu haqda?” - deydi Xudoyberganov.

Tojikistonda GES qurilishiga kirishilgan, hukumat aksiyalarni aholiga majburan sotmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, hozirgacha qurilish uchun lozim mablag’ to’planmagan.

Sharhlovchilar “Rog'un” bo'yicha ziddiyatlarda qudratli davlatlar o'rnini alohida ta'kidlashadi. Ayniqsa, bu loyihalarni moliyalash istagini bildirgan Rossiya pozitsiyasidan O'zbekiston norozi.

“Rossiyaning mintaqada energetika masalasiga, ayniqsa, suv masalasiga aralashuvi, xususan, Qirg'iziston, Tojikistondagi qurilishlarni moliyalashga urunishi… Tojikiston bu borada zimdan qo'llab-quvvatlayotgani… mintaqa davlatlari o'rtasida qarama-qarshilik zo'raygan”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

O'zbekiston va Tojikiston uchun ham bu borada xalqaro jamoatchilik pozitsiyasi muhim. Sharhlovchilar keskinlashib borayotgan masalaga xalqaro hamjamiyat jalb qilinishi ehtimoldan xoli emas, deydi.

AQSh davlat kotibining Janibiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk yaqinda bergan intervyusida "Tojikistonning energiyaga ehtiyoji qondirilishi zarur, ammo “Rog'un” bo'yicha qo'shni davlat fikrlarini ham inobatga olish kerak” dedi.

MDHdagi eng yirik inshoot bo'lishi ta'kidlanayotgan “Rog'un”ga Tojikiston energiya taqchilligidan qutilish yo’li sifatida, O'zbekiston esa mamlakatni suvdan siqasigan loyiha sifatida qaraydi.

XS
SM
MD
LG