Breaking News

Tojikistonda poraxo'rlik - taraqqiyot yo'lida to'siq


Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar singari Tojikistonda ham poraxo’rlik va korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to’g’anoq bo’lib keladi.

Respublikadagi “Zerkalo” sotsiologik-tadqidot markazi o’tkazgan so’rovga qaraganda, yulg’ichlik bu mamlakat hayotining ajralmas qismi. Mutaxassislar nazarida bu illat ayniqsa adliya, ichki ishlar, maorif va tibbiyot sohalarida qattiq seziladi.

Dunyo davlatlarida korrupsiya ko’rsatkichlarini belgilab boruvchi xalqaro tashkilot ma’lumotlariga qaraganda, Tojikiston jahonning eng poraxo’r yigirma davlati ro’yxatidan joy olgan.

Tojikistonlik o’zbek ziyolisi Abdullo Rajabovning aytishicha, respublikada yaxshi niyatlar bilan tashkil etilgan Moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ham samara bermay qo’ygan. Pulsiz nech narsaga erishib bo’lmaydi deydi Rajabov.

“Quruq qo’l bilan borganlarning arz-dodlariga quloq solishmaydi. Masala hal bo’lmagach, yuqori tashkilotlarga murojaat qilishganda, yana shunday javob olishadi. Dardingni kimga aytishni bilmaysan”,-deb kuyunadi Rajabov.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkiloti advokatlaridan birining fikricha, ayrim sud ishlarida hukm odil bo’lmaydi va jarayon hukumatning ko’rsatmasi bilan o’tadi.

Tojik adibi Ravshan Zamir amaldorlar bozorda pista sotib kun ko’ruvchi kampirdan ham pul talab qilishdan toymasligini, bu singari, mayda-chuyda ko’rinishdagi korrupsiya ildiz otib, uning tomirlari eng yuqori martabada o’tirganlargacha borib yetishini ta’kidlaydi. Bu bilan Tojikistonni rivojlantirib bo’lmaydi deydi u.

Farzandlarini maktab yoki salomatlik markazlariga olib boruvchi ota-onalar o’zlaridan har doim pul so’rashlarini aytishadi.

Tojikiston Xalq Demokratik Partiyasi nohiya kotiblaridan biri, Shohida Abdusattorovaning aytishicha, korrupsiyani yo’qotish uchun xizmat ko’rsatuvchilarning maoshi ularning tirikchiligiga yetarli darajada ko’paytirilishi lozim. “Buyog’iga qanday bo’lishini bilmayman”, - deydi partiya kotibi.

Tojikistonda oliy ma’lumotli o’qituvchi yoki vrachning maoshi 200 somoni-45-50 dollar atrofida. Bu pulni mardikor bir haftada topadi.

Tojik huquqshunosi Akmal Valiyev davlat xizmatchilarining qabulga kelganlardan pul olishini korrupsiya deb baholaydi.

Rajabov so’zlariga ko’ra, korrupsiyaga qarshi kurash masalasi hal qilinishi va matbuotda yoritilishi ahamiyatlidir.

“Keyin xalq ishonib, arz-dodini aytadi. Xalqda ishonch yo’qolgan. Kim mana buncha berasan, desa, shunga rozi bo’lib yashamoqda. Hayot tarzi shunga to’g’ri kelib qoldi. Korrupsiya to’g’risida gapiriladiyu, unga qarshi hech qanday ish olib borilmayapti”,-deydi Rajabov

Tojikiston Sotsial Demokratik Partiyasi faollaridan birining aytishicha, saylovlar jarayonida maorif tizimining hokim partiya uchun xizmat qildirilishi ham korrupsiya.

“Korrupsiyaning bu ko’rinishi eng xavfli. Chunki bu bilan mehnatkash xalq oqibatini pul bilan o’lchab bo’lmas darajada zarar ko’radi”,-deydi u.

Universitet o’qituvchisi Shokirjon Hakimovning fikricha, kadrlar tanlash va mamlakat qonunlaridagi kamchiliklar, mahalliychilik, hukumat faoliyatining shaffof emasligi, jamiyatning hokimiyat ustidan nazorat qila olmasligi sabab Tojikistonda korrupsiya chuqur ildiz otgan.

XS
SM
MD
LG