Breaking News

Hukumat fuqarolarga siyosiy, iqtisodiy erkinlik berishi lozim


Markaziy Osiyoni bugun iqtisodiyoti eng tez o’sayotgan mamlakatlar o’rab turibdi. Mintaqa kelajakda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Yevropa Ittifoqi uchun tranzit va savdo markazi bo’lib xizmat qiladi deydi mutaxassislar.

Jahon Bankiga ko’ra besh davlat - Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston iqtisodiyotida ijobiy o’zgarishlar yo’q emas. O’sish sur’ati 7-8 foiz atrofida. Biroq aholi farovonligi va yutuqlarga kelganda, har bir davlatda turlicha manzara.

Qozog’iston mintaqada iqtisodiy jihatdan eng yuqori ko’rsatkichlarga ega. Kishi boshiga yillik daromad 3,700 dollarni tashkil etadi. Ya’ni Qirg’ziston va Tojikistonga qaraganda taxminan 8 marotaba ko’p.

Gulnoz Sharafutdinova AQShdagi Mayami Universitetida dars beradi. Uning aytishicha, neft va gazga boy Qozog’iston iqtisodiyoti 2000 yildan beri har yili deyarli 10 foizga o’sib kelmoqda.

“Sobiq ittifoq parchalanishi bilan, mamlakat darvozalarini chet ellik sarmoyadorlarga keng ochdi”, - deydi Sharafutdinova. Prezident Nursulton Nazarboyev muvaffaqiyat sababini aynan o’z vaqtida jalb qilingan sarmoyada deb biladi.

Tabiiy resurslarga boy bo’lmagan Qirg’iziston hamon nochor davlatlar ro’yxatida. Turkmanistonda esa iqtisodiyot tamoman davlat qo’lida. O’zbekistonda, deydi olima, xususiy tadbirkorlik yo’lga qo’yilgan, biroq zavod va fabrikalar, ayniqsa paxta sanoati hukumat nazoratida. Tojikistonda qashshoqlik katta muammo.

Osiyoshunos olim Karl Meyer Markaziy Osiyo davlatlarida xalq oldida javobgarlik va oshkoralik yetishmaydi deydi. “Eng jiddiy muammo bu poraxo’rlik va korrupsiya, ayniqsa savdo-sotiq, tijorat va tadbirkorlikda.”

Ba’zi sharhlovchilar ta’biricha Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekistonda neftga boy davlatlarga xos, beqaror jamiyatlar vujudga kelmoqda. Har uchalasida avtoritar rahbarlar hukmron.

Oksana Antonenko Londondagi strategik tadqiqotlar instituti rahbari. Bu jamiyatlarni, deydi u, taraqqiyot namunasi deb bo’lmaydi. Chunki iqtisodiyotning katta qismini hukumat va uning qo’li ostidagi yirik kompaniyalar nazorat qiladi.

“Bunday iqtisodiy va siyosiy yo’nalish boshi berk ko’chaga yetaklaydi. Jamiyatda boy-u kambag’allar orasidagi tafovut kengayaveradi. Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlarida, deydi Antonenko, iqtisodiyotning 80 foizini amaldorlar boshqaradi”, - deydi Antonenko.

Shunga qaramay, mintaqa neft va gaz zahiralari bois dunyo e’tiboridan tushmay keladi, deydi Vashingtondagi Brukings tadqiqotlar markazi xodimi Yoxannes Linn. Markaziy Osiyoni bugun iqtisodiyoti tezlikda o’sayotgan Xitoy, Rossiya va Hindiston qurshab olgan. Yevropani ham sarmoya manbai deb ko’rish kerak deydi olim.

Yoxannes Linn fikricha mintaqa davlatlari yagona iqtisodiy siyosat ostida birlashib, imkoniyatlardan foydalanishi, erkin savdoni yo’lga qo’yishi, chegaralarni ochishi kerak. Shuningdek, ta’lim tizimini takomillashtirib, malakali kadrlar tayyorlash lozim.

Aksariyat tahlilchilar fikricha Markaziy Osiyo istiqboli aynan iqtisodiy integratsiyaga bog’liq.

XS
SM
MD
LG