Breaking News

O'zbekiston hali ham Orolni asrab qolish yo'llarini izlamoqda


O`zbekistonda Orol mavzusiga bag’ishlangan xalqaro anjuman ish boshlagan.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi va O`zbekiston hukumati hamkorligida tashkil etilgan konferensiyaning birinchi kunida ishtirokchilar Qoraqalpog’istonning Mo'ynoq tumanidagi vaziyat bilan tanishgan.

Orol muammosini hal qilish uchun katta mablag` sarflangan. Biroq, tahlilchilar nazarida, aniq strategiya yo`qligi sabab bu harakatlar samara bermayapti.

Qachonlardir kattaligi jihatidan dunyoda 4-o'rinni egallagan dengiz 1960-yillarda quriy boshlagan. O'sha yillari Sovet hukumati olib borgan irrigatsion siyosat tufayli Sirdaryo va Amudaryo suvlari Orolga quyilishdan to'xtab qolgan.

Qozog'iston hukumati sa'y-harakati bilan Orolning shimoliy qismi nisbatan tiklangan. Orolni hech bo'lmasa qisman saqlab qolish uchun dengiz to'g'on yordamida ikki qismga ajratilgan. Kichik qismiga Sirdaryo, katta qismiga esa Amudaryo quyiladi.

Biroq to'g'onning O'zbekiston tomonida, janubda, Katta Orolda vaziyat hamon og'ir. Olimlar fikricha Orolni avvalgi holatga qayratish deyarli mumkin emas.

O'zbekiston-G`arb aloqalari sovuqlashgandan beri Orol bo'yidagi ekologik inqirozni bartaraf etishga qaratilgan xalqaro dasturlar keskin qisqargan yoki yopilgan.

“Ko`plab xalqaro tashkilotlar ketib qoldi. Yanglishmasam, hozir, asosan, BMT doirasida ish olib borilayapti”, - deydi Qoraqalpog`istondagi nodavlat tashkilot vakillaridan biri.

Xalqaro konferensiyada moliyaviy tashkilotlardan vakillar va Yevropa siyosiy doiralaridan rasmiylar qatnashmoqda.

Birmuncha avval O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Alisher Vohidov Orol muammosi bo`yicha hisobot bilan chiqqan edi. U ekologik inqiroz asoratlarini yengillashtirishda BMTni ko’proq hissa qo`shishga chaqirgan.

O`zbekiston ziyolilari Orol taqdirini milliy fojea deya ta’riflaydi.

“80-yillardan boshlab elim, yurtim, Turkistonim degan ziyolilarning hammasi Orol qo`mitasiga jalb qilingan. Orol taqdiri haqida o`ylay boshlaganmiz. Davlat ham g`amxo`rlik ko`rsatgan. 80-yillarda uyimda bir hovuz qurgan edim. Orolga suv borsin degan maqsadda shu hovuzga suv ochmadim. Shu qadar muhim masala edi. Yig`ilib vatan haqida, ozodlik haqida gaplashardik. Bu yig`inlar yo`q bo`lib ketdi”, - deb xotirlaydi hofiz Dadaxon Hasan.

Muxolifatdagi “Erk” Demokratik Partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov so’zlariga ko`ra, hukumat Orol qurishi asoratlarini qanday bartaraf etish va mintaqa tabiatini qanday asrab qolishni bilmaydi.

“Qoraqalpog`istondan juda ko`plar ko`chib ketdi. Moddiy, ijtimoiy sabablar tufayli. To'g'ri, ekologiyaning ta`siri bor. Biroq O`zbekistonda olib borilayotgan siyosat keltirib chiqarayotgan muammolar ham ko`p. Orol muammosi bo`yicha aniq bir strategiya bo`lmas ekan, jamg`arma va moddiy yordam samara bermaydi”, - deydi Oripov.

XS
SM
MD
LG