Qishloq xo`jaligi fanlari doktori Qurbon Roziqov bir nech yildan buyon hukumat e`tiborini yerlarning sho`rlanish darajasi ortib, tuproq sifati buzilayotganiga qaratib keladi.
Uning aytishicha, bu jarayonga qarshi zudlik bilan chora ko`rilmasa, yaqin yillarda O`zbekiston yerlarining aksariyati qishloq xo’jaligi uchun yaroqsiz holga keladi.
Olim paxta va boshqa ekinlarda kimyoviy o`g`itlarni qo’llashni keskin cheklash, yer salomatligini tekshirish yuzasidan hukumatdan mustaqil jamoatchilik nazarotini o`rnatish tarafdori.
Mamlakat iqtisodiyotida qishloq xo`jaligiga bo`lgan ehtiyojning kattaligi, paxta va don hosildorligiga zo`r berilayotgani, deydi olim, bu talablar inobatga olinmayotganidan dalolat bermoqda.
Yer salomatligi bo`yicha izlanish olib borayotgan yosh mutaxasislardan biri muammoni zararsiz og`itlar bilan hal etish taklifini bildiradi.
“Yer sho`rlanib borayotgani mamlakatdagi asosiy muammo, buning sababi defoliantlar, (ya’ni) kimyoviy moddalarning haddan ortiq ishlatilishi. Shu ximikatlarni boshqa bir zararsiz turga o`zgartirish haqida gap ketayapti. Biz shunga erishishimiz kerak. Byudjetimiz hozir bu muammoni hal etish qudratiga ega emas, buni xalqaro tashkilotlar ko`magida amalga oshirish mumkin bo`lar,” - deydi u.
“ECOSAN” xalqaro jamg`armasi rahbari Yusuf Shodimetov O`zbekiston uchun xavf solib turgan asosiy muammo – suv tanqisligi deydi.
“15-20 yildan keyin bu muammoning keskinligi ortadi, mintaqadagi harorat 2-2,5 gradusga ko`tarilishi mumkin. Qurg`oqchilik, tuproq degradatsiyasi, cho`llanish, Orolning qurib borishi natijasida genofond o`zgarishi, biologik xilma-xillikning kamayishi… Bular hammasi bir-biriga qo`shilgan holda global ekologik muammo desa bo`ladi,” - deydi Shodimetov.
Shodimetovning aytishicha, mintaqadagi ekologik inqiroz asoratlari butun dunyo bo`ylab aks sado beradi.
“Agar vaqtni o`tkazib yuboradigan bo`lsak, bu yerdagi ekologik inqirozlar ta`siri G`arbga, AQShga ham yetib boradi. Hozirgi kunda Orol tubidan chiqayotgan 400-500 ming tonna qum, uning tarkibidagi pestisidlar, mutagenlar va boshqa zaharli kimyoviy moddalar tarqalishini to`xtatishimiz kerak,” - deydi Shodimetov.
Bugun Orolbo`yidagi ekologik holatga qaysidir ma`noda ko`nikishdek taassurot bor, turli tadbirlar amalga oshrilayotganiga qaramay vaziyat yaxshilanishiga umid kuzatilmaydi.
Yevropa Ittifoqining global iqlim o`zgarishi haqida bildirgan hisobotida suv tanqisligi mintaqa davlatlari o`rasidagi ziddiyatga bog’liq ekani ta`kidlanadi.
Mintaqa davlatlarida suvdan foydalanish bo`yicha aniq dastur yo`q. Tojikiston O`zbekiston roziligisiz ham Amudaryo irmog’i Vaxsh daryosida gidrostansiyalar qurilishini davom ettirishini bildirdi. O`zbekiston esa mintaqa daryolari yoqalab gidrostansiyalar qurilishiga mutlaqo qarshi.
Mutaxasislarning so’zlariga qaraganda, muammolar yechimi hozirdanoq aniq choralar belgilanishini talab etadi. Keyingi o`n yillikda O`zbekistonda ekologik muammolar kuchaygach, asorati og’ir bo’lishi mumkin.