Breaking News

Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam


Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam
Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam

Ichimlik suvi tanqisligi - xalqaro ekologik tashkilotlar homiyligida o’tkaziladigan anjumanlarda bot-bot tilga olinadigan muammo.

Markaziy Osiyoda suv taqsimoti azaldan nozik masala bo’lib kelgan. Davlatlar orasida muzokaralar hozirgacha samara bermagan.

O’zbekiston va Turkmaniston uchun kerakli suv Qirg’iziston va Tojikistondan keladi, lekin suv zaxiralari har bir mamlakat hududidan o’tgani bois, kelishuv barcha hukumatlarga ma’qul kelishi zarur.

Bir necha yilga cho’zilgan qurg’oqchilik davridan so’ng, bu yil Qirg’izistonning To’qtag’ul suv ombori to’lib toshgan. To’plangan suv zaxirasi loyihadagi 19,5 milliard kub metrga yetgan.

Ayni paytda qo’shni o’lkalar, asosan O’zbekiston va Qozog’iston bilan oqin suv masalasidagi kelishmovchiliklar dolzarbligicha qolmoqda. So’z suv zaxiralaridan foydalanishda o’zaro manfaatli munosabatlarni yo’lga qo’yish borasida ketayotir.

O’shlik mutaxassis Odiljon Obidovga ko’ra, Sovet Ittifoqi paytida qurilgan suv omborlari, jumladan Qirg’izistondagi To’qtag’ul ombori, Tojikistondagi Vaxsh daryosida joylashgan inshootlardan hozir energetika maqsadlarida foydalanish boshlangan.

“Bu inshootlarning ish rejimi mutlaqo o’zgarib ketdi. Shu tufayli suv masalasida turli-tuman noroziliklar, yoz mavsumida suv tanqisligi bilan bog’liq muammolar paydo bo’ldi”, - deydi Obidov.

Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam
Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam

Ulkan suv manbalari yaqinida joylashgan Qirg’iziston, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, o’z hududida to’planadigan oqin suvning faqat 7 foizidan foydalanadi. Qolgan obi-hayot daryolarning quyi qismida joylashgan o’lkalarga uzatiladi.

Sovet Ittifoqi qulaganidan buyon Markaziy Osiyo davlatlari suvdan foydalanish mexanizmini takomillashtirish, o’zaro kelishmovchiliklarni bartaraf qilish masalasida bosh qotirib keladi. Bu borada qator bitimlar imzolangan bo’lsa-da, yechilmagan muammolar talay.

“Markaziy Osiyoda suvdan birgalikda foydalanish borasida konsortsium tuzish to’g’risida qaror qabul qilingan edi, bajarilmay qoldi. Suvdan noratsional foydalanish tufayli Orol dengizi qurib qoldi, ekologik muammolar o’rtaga chiqa boshladi. Hozirning o’zida irrigatsiya sohasida mablag’ yetishmasligi sababli Qirg’izistonda yuz ming gektarga yaqin yer balchiqlashib, sho’r bosib ketgan”, - deydi tahlilchi Odiljon Obidov.

Alisher Sotiboldiyev ko’p yillar davomida viloyat suv xo’jaligi boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Qator xalqaro loyihalarda maslahatchi bo’lgan.

“Muammo hozir Qozog’iston, O’zbekiston, Turkmanistonda va bu muammo chuqurlashib boraveradi. Suv hammamizniki der edik, hozir esa suv bizniki deyishgacha kelib qoldik”, - deydi u.

Suhbatdoshlar qo’shni o’lkalar orasida bot-bot o’tkazilayotgan muzokaralarni olqishlaydi va o’z takliflarini aytib o’tadi.

Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam
Bahs-tortishuvlarni bas qilaylik: Bizdan suv, sizdan gaz yoki boshqa yordam

“Sirdaryo va Amudaryodan imkoni boricha irrigatsiya maqsadlarida foydalanish darkor. Mavjud suv zaxiralarini, suv omborlarini bir markazdan boshqarish yo’lga qo’yilishi kerak. Bu borada Qirg’ziston va Tojikiston manfaatlarini ko’zda tutilishi, bu davlatlarga o’ziga xos kompensatsiya ajratilishi lozim. Masalan, O’zbekiston tabiiy gaz bilan, Qozog’iston ko’mir bilan ta’minlasa yaxshi bo’lardi”, - deydi Odiljon Obidov.

“Suv inshootlari, suv bo’lishtiruvchi kanallardan foydalanayotgan o’lkalar o’sha inshootlar joylashgan davlatlar sarf-xarajatining ma’lum qismini qoplashi kerak. Dunyo bo’yicha bu bor narsa. Aytaylik, qo’shni O’zbekiston Qirg’izistondagi Popon suv ombori zaxirasining 18 foizidan foydalanadi va o’sha hajmni to’plashga ketgan sarfni to’lab kelmoqda”, - deydi mutaxassis Alisher Sotiboldiyev.

Oqin suvdan samarali foydalanish masalasi Qirg’zistonning o’zida ham ko’ndalang bo’lib qolgan. Asosiy suv manbai bo’lmish tog’ muzliklari hajmi iqlim o’zgarishi tufayli 15-20 foizga toraygan, deydi tahlilchilar. Shahar, qishloqlarda toza ichimlik suviga talab kuchli.

Oqin va ichimlik suvidan foydalanishda zamonaviy usullarni qo’llash darkorligi va bu borada qo’shni mamlakatlar bilan tig’iz hamkorlik zaruriyati ta’kidlanadi. Mintaqa yangi sug’orish texnologiyalarini qo’llashda 50-60 yil orqada qolgani aytiladi.

Suv taqsimoti Markaziy Osiyoda siyosiy masalaga aylanib qolgani tashvishlanarli. Azaldan suvchilar siyosatchilar yordamisiz obi-hayotdan hamjihatlikda foydalanib kelishgan, deydi suhbatdoshlar.

“Davlat rahbarlarisiz ham biz, suvchilar, hamkorlik qilib kelganmiz. Hozir ham ko’p masalalarni o’zimiz yechishimiz mumkin”, - deydi Alisher Sotiboldiyev.

Odiljon Obidov nazarida esa bu masalada siyosiy iroda ham kerak.

“Masalan, Qirg’iziston bir vaqtlar butun Sovet Ittifoqi ishtiroki va sarmoyasi bilan barpo etilgan inshootlardagi suvni albatta sotamiz deb turib olmasdan, masalani hal etishning o’zaro manfaatli yo’llarini izlashi kerak. Aytaylik, biz sizga suv yetkazib beraylik, sizlar esa o’z navbati iqtisodimizning mana bu yo’nalishlarida yordam beringlar desa bo’ladi”, - deydi Odiljon Obidov.

Ammo hozirgi voqelikda mintaqa o’lkalari bahslarida vositachilik ham foydadan xoli emas, deyayotganlar bor.

XS
SM
MD
LG