Breaking News

G'allakorlar: dehqonchilik bugun to'qchilik emas, azob


Jizzax viloyatidagi "Baraka Ma'mura" fermer xo'jaligi rahbari Bibimaryam Darieyvaning aytishicha g'alla o`rimi uchun yollangan ishchilarga haqni bug`doy bilan to'lashga kelishilgan edi. O`rim hokimyat va militsiya vakillari kuzatuvi ostida o'tkazilgan.

"Ish haqini bug'doy bilan berishga kelishgan edik. O'tgan yili ham ularga berolmagandim. Shunga bu safar ular yig`ilib, hosilni olib ketsa yana haqimizni ololmay qolamiz deb xavotir bildirishdi. Men ularni chaqirganim yo`q. Bug'doy o'rib bo`linguncha o'tirishdi. U yerda 5-6 militsiya bor, hokimyat qo`ygan odamlar bor. Ishchilar agar bug'doyni olib ketsa o'zimizni mashinani ostiga tashlaymiz deb o'tirishibdi. Oxirida ikkita mashina ketadigan paytda birdan ayollar tarmashib ketishdi. Militsiya ularni yo'ldan uloqtirib tashladi. Bir ayolning yuragi yomon ekan, u bilan ovora bo`lganimcha bug'doyni ham olib ketib qolishdi. Boyagi ayolni shifoxonaga olib bordik. Xullas, ahvol hammada shunaqa", - deydi Bibimaryam Dariyeva.

Bibimaryam Dariyeva g'alla rejasining nisbatan yuqori belgilangani va bu yilgi qurg'oqchilik tufayli hosildorlik bajarilmaganini ta`kidlaydi.

Uning xo'jaligida asosan ayollar ishlaydi. Har birining qaramog`ida 3-4 farzand bor. Ish haqi ularga o`tgan yili ham berilmagan.

"Ularning uylarida yeydigan noni yo`q. Davlatga topshirsangiz baribir yana haqimizni ololmaymiz deb bug'doyni o`zlari kelib olishdi", - deydi fermer.

Bibimaryam Dariyeva odamlarga dehqonchilikdan boshqa ish yo'q deydi. Uning uch o'g'li ish qidirib Qozog`istonga ham borib kelgan. Biroq odam savdogarlarining qo`liga tushib, aldanib, ikki oy deganda zo'rg'a qaytgan.

"Kun o`tkazish uchun amallab turibmiz. Bekorchilikdan bolalar o'g'irlikka berilishi va bezorilik qilishi mumkin",- deydi fermer ayol.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Saida Qurbonova viloyatdagi fermerlarning aksariyatida shunday ahvol deydi. Qurg'oqchilik asoratida hosildorlik bo`lmagani hokimyat tomonidan inobatga olinmayapti. Fermerlar bozordan sotib olib bo`lsa-da, g`alla planini bajarishga majbur.

"Odamlar zovurlardagi sho`rlangan suv bilan yerlarini sug`orishadi. Sho`r suv bilan hosildorlikni qanday ko`tarish mumkin? Na hokimyat, na qishloq xo`jaligidagi biror mas' buni inobatga olayapti. Aksincha fermerni o`zini aybdor qiladi. Maryamga o`xshagan biror odam o`z haqini talab qilsa, uni davlat siyosatiga qarshi chiqyapsan deb ayblashadi",- deydi Saida Qurbonova.

Faolning izohlashicha fermer odam ishlatadimi, demak ularga haq to'lay olishi kerak. "Mehnatkashlar och-nahor odamlar", - deydi u. G'alla o'rimidan keyin paxta mavsumi boshlanadi.

"Odamlar qanday yashayapti deb kim fikrlaydi? Hokim fikrlamasa, prokuror fikrlamasa, boshqasi fikrlamasa, kim fikrlashi kerak bu haqda? Birovga o`n tonna yetmaydi, birovga 30 tonna. Bular esa faqat siquvga oladi- bajarasan! Hozirni o`zida bug'doyning bozordagi narxi 700-800 so`m", - deydi Saida Qurbonova.

O`zbekistonda g`alla va paxta davlatning majburiy buyurtmasiga ko`ra ekiladi. O`tgan yili g`alla va paxta rejasini bajarmagan yuzlab fermerga qarshi jinoiy ish qo`zgatilgan edi.

Fermerlarga ko`ra hukumat talabi haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Yer sho'r, suv yo'q va barcha imkoniyatlar cheklangan.

Hukumat fermerdan g`alla va paxtani bozordagi bahosidan ancha arzon narxda sotib oladi. Rejani bozordan bug'doy sotib olib to`ldirish ko`plab fermerlarni inqiroz yoqasiga keltirgan.

Qishloqlarda hayot juda og'ir deydi jamoatchi faollar. "Odamlarni yer boqar edi. Hozir xalq qayerga borishni bilmay qolgan",- deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan fuqarolar.
XS
SM
MD
LG