Breaking News

AQShda o'qish imkonini beruvchi tashkilot O'zbekistonda endi yo'q


Shu yilning 31 may kuni Toshkent shahar sudi Xalqaro Ta’lim bo'yicha Amerika kengashlari yoki qisqacha ACCELS deb ataluvchi xalqaro tashkilotning O’zbekistondagi idorasini yopishni buyurdi. Tashkilot AQSh hukumati ajratgan maxsus yordam puli orqali yoshlarni, yosh mutaxassislarni Amerika o’quv yurtlarida bilim olish imkoniyati bilan ta’minlaydi.

O’zbekistonda nohukumat tashkilotlari faoliyati to’g’risidagi yangi qonunga binoan qayta ro’yxatdan o’tgan ACCELS, Adliya vazirligiga ko'ra, o’z nizomidan chetga chiqqanlikda va O’zbekiston yoshlarini hukumat ruxsatisiz AQShga jo’natgan.

ACCELS o’tgan 14 yildan beri Toshkentdagi 15 ga yaqin xodimi orqali Amerikada o’qish dasturlarini, shuningdek, AQSh oliygohlariga kirish uchun zarur ingliz tilidan TOEFL hamda GRE va GMAT kabi yuqori saviyadagi testlarni yuritar edi.

ACCELS vitse-prezidenti Deyvid Petton (David Patton) deydiki, tashkilot 1992 yilda O’zbekistonda o’z vakolatxonasini ochganida Karimov rahbariyati tomonidan keng olqishlangan va hatto “Umid” kabi davlat dasturlarini yuritishda hamkorlik qilgan edi.

"Biz O’zbekistonda 14 yillik tarixga egamiz. Bu davr mobaynida hukumat va turli vazirliklar bilan ijobiy aloqaga ega edik. Mintaqada, ayniqsa O’zbekiston hukumati bilan eng mustahkam munosabatda edik. Shu bois mamlakatdagi faoliyatimiz tugagani juda achinarli hol",- deydi janob Petton.

ACCELS O’zbekiston hukumati nima uchun uning iziga tushganini va undan qutulmoqchi bo’lganini bilmaydi. Haqiqat shuki, deydi tashkilot vitse-prezidenti, ACCELS uch mingga yaqin yoshning Amerikada bilim olishi uchun zamin yaratdi.

"AQSh-O’zbekiston aloqalari yomonlashar ekan, siyosiy tashkilotlarga oshayotgan bosim bizga kelmaydi, biz ta’lim sohasida ishlaymiz, bizni tinch qo’yishadi, deb o’ylagan edik. Biz O’zbekiston Adliya vazirligi qo’ygan ayblarni rad etamiz."

O’zbekiston hukumati nazarida esa ACCELS yoshlarni Amerikaga yuborib, ularning dunyoqarashini buzishga urinmoqda, ularning ongini zaharlamoqda, g’arbcha hayot tarzini targ’ib qilmoqda va milliy qadriyatlarga rahna solmoqda.

"Ammo, O’zbekiston hukumatining o’zi ham –90 yillarda yoshlarni G’arbda o’qitish katta sarmoya ekanini ta’kidlab, Umid kabi dasturlarni boshlagan va moliyalagan edi. Biz bu dasturni unga yuritib bergan edik. Hukumat 500 ga yaqin o’zbekistonlik talabalarning chet-elda bilim olishi uchun ancha mablag’ ajratgan edi. Shunday ekan, hukumatning G’arb yoshlarni buzadi, degan fikri uzoqqa bormaydi",- deya tushuntiradi ACCELS vakili.

ACCELS tashkiloti nazarida O’zbekistonda nohukumat tashkilotlarning yopilayotgani jamiyat taraqqiyotining, ijtimoiy-madaniy rivojning beliga tepadi. Chunki, u kabi tashkilotlar yordamida chet-elda bilim olayotgan yoshlar ertaga mamlakat boshqaruviga keladi. Ular O’zbekistonning ertangi rahbarlari. Imkoniyatsizlikdan qiynalgan yoshlar har doim ham to’g’ri yo’l tanlavermaydi. Dunyoviy bilimga ega yoshlardan kuchli yetakchilar, mutaxassislar chiqadi. Hukumat ana shunday yoshlar yetishishi uchun ter to’kmog’i lozim, deydi janob Petton.

"Masalan, AQShda bizning dasturlarimiz orqali bilim olgan siz kabi yoshlar kelajakni belgilaydilar. Ular nima yaxshi, nima yomonligini Amerika ko’zi bilan emas, o’z ko’zlari bilan ko’radilar. Ularning jamiyatida nima qabul qilinadi-yu, nima inkor etilishini tushunadilar",- deydi ACCELS vitse-prezidenti.

Hozirda O’zbekiston hukumatida, vazirliklarda, matbuot va turli sohalarda ishlayotganlar orasida AQShda, ACCELS yordamida bilim olgan mutaxassislar bor.

"Maqsad shuki, AQShda bilim olgan yoshlar vataniga qaytib, mamlakat rivojiga hissa qo’shsin. O’zbekistonga yangicha g’oyalar bilan qaytsin. Ular vatanda bunday sifatli bilim ololmaydilar. Ammo, chet-elda olgan ilmlarini vatanlari uchun sarflaydilar. AQShda bilim olgan yoshlar bir davra atrofiga yig’ilib, biznes va iqtisodiyot sohasini rivojlantirish haqida munozara qilganlarida, O’zbekistondagi yetuk oq’ituvchilar va hatto O’zbekiston oliy ta’lim vaziri ham qoyil qolgan. Buni ijobiy o’zgarish deb atamasdan iloji yo’q",- deydi Deyvid Petton.

ACCELS Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida ishlab keladi va O’zbekistonda dastur tugatilishi hisobiga qo’shni mamlakatlarga ko’proq pul ajratilishi mumkin.

Ammo, O’zbekiston yoshlari uchun AQShda o’qish imkoniyati tobora cheklanib bormoqda. ACCELS o’zbekistonlik yoshlar qo’shni davlatlardagi dasturlar orqali AQShga chiqa oladi, degan fikrdan yiroqdir.

O’zbekiston hukumati AQSh bilan aloqaning har jabhasini chuqur nazorat ostiga olar ekan, okean ortidan ilm izlash darvozasi ham yopilmoqda. Mamlakatdan chiqib ketayotgan xalqaro nohukumat tashkilotlar nazarida O’zbekiston hukumati yakkalanish siyosatini kuchaytirib, o'z xalqi uchun tashqi imkoniyatlarni ham kamaytirmoqda.

"Tashkilotimiz AQSh O’zbekiston bilan muzokara qilishda davom etadi, til topishadi degan umidda. Ezgu maqsad shuki, har ikki xalq uchun muhim hisoblangan dasturni O’zbekistonga qaytarsak, toki o’zbekistonlik yoshlar uchun yuksalish imkoniyatlari ko’paysin. Ularga umid beradigan yo’llar ko’paysin",- deydi ACCELS vitse-prezidenti Deyvid Petton.

XS
SM
MD
LG