Breaking News

Bepul internet kutubxonalar – zamon talabi


Ilm-fan va texnika yil sayin taraqqiy etmoqda. Kechagi taraqa-turuq bosma mashinkalar o’rnini kompyuterlar egallagan. Eski qora plastinkalarni hozir kim eslaydi?

Endilikda raqamli kutubxonalar bot-bot tilga olinayapti. Gap millionlab kitoblarni internetda joylashtirish haqida ketmoqda. Ba’zilar haqiqiy kutubxonalar yo’qolib ketishidan xavotirda. Boshqalar esa bu – katta inqilob demoqda.

Bundan 10 yil muqaddam AQShdagi Karnegi Melon Universitetida yirik veb loyiha ishga tushirilgan edi.

Universitet professori Maykl Shamosning aytishicha, maqsad – insoniyat yaratgan jamiki asarlarni global tarmoqqa joylashtirish. Istagan odam internetga kirib, kerakli kitobni bepul mutolaa qila olsin, deydi u.

“Universal raqamli kutubxona” loyihasining o’ziga xos tomoni shundaki, unda nafaqat kitoblar, balki gazeta, jurnal, fotosuratlarni ham topish mumkin bo’ladi.

Loyihaga Xitoy, Hindiston va Misrdagi universitetlar ham jalb qilingan. Shu paytgacha 20 tildagi 1.5 milliondan ziyod asar raqamlashtirilgan. Ular orasida qadimiy nashrlar anchagina.

Garchi 1.5 million ko’pday tuyulsa-da, aslida bu – insoniyat chop etgan bosma mahsulotning 2 foizini tashkil etadi xolos. Kitoblarni skanerdan o’tkazish jarayoni bir necha oy talab qiladi. Hamma universitetlar ham minglab kitoblarni bunchalik uzoq fursatga berishga rozi bo’lavermaydi.

Yirik kutubxonalarga borish imkoniyati bo’lmagan yoki kitob xarid qilish uchun puli bo’lmagan insonlar uchun bu ayni muddao deydi professor Shamos.

Deylik, Hindistonning chekka bir qishlog’ida g’oyat aqlli, zukko bolakay o’qiydi. Lekin kitob va darsliklardan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Shunday iste’dodning g’oyib bo’lishiga yo’l qoyish jinoyat. Raqamli kutubxona ana shunday insonlar uchun yaratilmoqda deydi professor.

Olimning aytishicha, kitoblarni internetdan topib, nusxa olish ko’p jihatdan arzon.

Ushbu raqamli kutubxonadagi kitob va adabiyotlar haqida www.ulib.org sahifasida ma’lumot olish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG