Hozir dunyoning qayeriga bormang, kitob do’konlariga qiziqish pasayganini ko’rasiz.
Amerikada ham shunday. O’qishga emas, kitobni do’kondan olishga talab kamaygan.
Arzonligi bilan tanilgan kata-katta magazinlar avvaliga kichikroqlarini bozordan siqib chiqardi. Bugun esa bu gigantlar xaridorlarni internet va raqamli texnologiyaga boy bermoqda.
AQShning eng yirik kitob do’konlaridan biri “Borders” yaqindan bankrotga uchradi.
Global tarmoqda esa hozir “Amazon” savdo tizimiga yetadigani yo’q. Bosma kitobga talab kamayib, xaridor bugunda elektron asarlarni ma’qul topmoqda. Lekin kichkina, mustaqil kitob do’konlari orasida yengilishni xayoliga keltirmay ishlayotganlari yo’q emas.
Nyu-York Universitetining muhtasham binolari oralab yurib borar ekansiz, bir burchakda kitob do’konini ko’rmaslingingiz mumkin emas.
“Strand” kitoblar magazini 84 yildan beri ziyo ulashadi, Nyu-Yorkning eng keksa dargohlaridan biri. Atrofiga doim to’p-to’p, bor-yo’g’i bir dollar turadigan kitoblar terib qo’yiladi.
Do’kon menejeri - Nensi Bass Vayden. Bobosining otasi Benjamin Bass asos solgan unga.
“Strand”ning muvaffaqiyatini ko’pincha uning Nyu-York shahrida joylashgani bilan ham tushuntirishadi.“Nyu-Yorkda ekanimiz - omadimiz. Kimlar yashamaydi, kimlar kelib ketmaydi bu yerga. Kitoblarimiz yangi bo’lmasa-da, kutubxonamiz juda boy. Yozuvchi va shoirlarning sevgan makoni. Katta do’konlardan farq qilamiz, o’z manbalarimiz bor”, - deydi Nensi Bass Vayden.
Nensining turmush o’rtog’i - sobiq senator Ron Vayden. Ayol studentlik davridan beri magazinda ishlab keladi. Uning otasi Fred Bass ishga kirganida 13 yoshda bo’lgan.
Mashhur “Borders” firmasi kasodga uchrab, hamma rastalarini yopmoqda.
“Strand” sinovlarga chidab berayotganining sababi nimada degan savolga Fred Bass shunday javob beradi:
“Birinchidan, qimmat emasmiz. Tovarni tez-tez yangilab turishni kanda qilmaymiz. Aylanma savdomiz kattagina. Xususiy to’plamlarni sotib olamiz. Siz boshqa biror do’konda topa olmaydigan asarlar bor bizda. Besh qavatli binomiz kitobga to’la. 975 metr kvadrat joyda qayerga qaramang, kitoblar. Yangilari uzilmasdan keladi”.
Eski, ishlatilgan jildlardan tashqari, do’konda nodir to’plamlar borki, raqiblar havasini yashirmaydi.
“Geklberri Finn”ni qidirib yurgan bo’lsangiz, bizda 15-20 nusxasi bor, Mark Tvenning avtografi qo’yilgani ham”, - deydi Nensi Bass Vayden.
“Qimmatbaho asarlarni olib kelishadi bizga. Bunaqa nodir asarlarimiz to’planib qolgan. Ba’zilarining narxi 15 dollardan 45 ming dollargacha. Masalan, Jeyms Joysning “Uliss” romani. Ichida Matiss chizgan rasmlar, Matissning avtografi bor”, - deydi Fred Bass.
“Strand” do’koni shaxsiy kutubxona yaratishda ham yordam beradi.
Rasmiy hisoblarga ko’ra, elektron kitoblar paydo bo’lganidan beri do’konlarning ishi chatoq. 2008-yildan beri elektron asarlar savdosi 10 karra oshgan.
“Bu yo’nalishda hali tajriba qilib ko’rganimiz yo’q. Xaridorimiz bosma kitoblarga o’rganib qolgan”, - Nensi Bass Vayden.
“Mijozlarimiz juda talabchan, zukko. Katta yoshdagilar, talaba yoshlar, o’quvchilar… Studentlar kelib, faylasuflar Xaydegen yoki Vitgenshteynning tomlarini so’rab qolishadi. Aristotelni izlab kelganlar talaygina”, - deydi Fred Bass.
Bosma mahsulot bilan bog’liq ahvol tarang bo’lsa-da, kitob savdosi oshib bormoqda. O’tgan yili, masalan, Amerikada 28 milliard dollarlik kitob sotilgan. Bu avvalgi yillarga qaraganda, besh foizga ko’p.