Breaking News

Kongress kutubxonasi - global tarmoqdagi noyob ilmiy xazina



AQSh Kongressi kutubxonasi dunyodagi eng yirik ma’lumot majmuasi. Tekstlarni ham elektron, ham bosma holda taklif qiluvchi ulkan ilmiy xazina. Raqamli texnologiya asosida ishlaydigan sistema hajmi 700 terabitdan oshadi.

Amerika faxri hisoblangan Kongress kutubxonasida manzara kun sayin o’zgarib bormoqda. Unga kirib o’zingizni kitoblar makonida emas, kompyuterlar dunyosida turgandek his qilasiz. Elektron informatsiya ummonidasiz. Millionlab fayllar va manbalar. Ma’lumotni internetga ulovchi yirik serverlar osmono’par minoralarni eslatadi.

“Zamon o’zgarmoqda, kutubxonalar ham”,- deydi bu texnologiyalar boshqaruvchisi Jeyn Mandelbaum.

Mualliflik huquqlari cheklangani tufayli hamma narsani internetga qo’ya olmaysiz.

“700 terabit joyimiz bor. Bir terabit degani qariyb 1600 disk yoki 330 soatli telematerial yoki 2000 kitob. Har bir terabitda minglab manba yotadi”,- deydi Mandelbaum.

Kongress kutubxonasida adashib qolish juda oson. Bir narsani qidirib, ming narsaga duch kelasiz. Ilm dunyosiga g’arq bo’lasiz. Bu maskandagi kitoblar soni 120 milliondan oshadi. Videotekada esa 36 mingdan ziyod asar bor. Yuzlab ming musiqa lentalari, tasviriy materiallar.

Kutubxona yetakchi muhandisi Tomas Yukelning “Amerika Ovozi”ga aytishicha har yili internetga olti millionga yaqin manba joylashtiriladi.

Raqamli texnologiyaga asoslangan kolleksiya ishqibozlari dunyoning turli qismlaridan keladi. Uning internetdagi cheklangan versiyasidan har yili 85 million odam foydalanayotgani ma’lum.

Kongress kutubxonasining elektron shaklini yaratish, XIX asr boshidan beri jamlangan manbalarni zamonaviy tizimlarga o’tkazish o’ta murakkab jarayon, mayda ish. Har bir sahifaning elektron aksini olish kerak.

Qo’lyozmalarni aytmaysizmi, jami 65 million varaqli hujjatlar – siyosiy va madaniy xazina. Prezidentlardan qolgan merosdan tortib adabiyotgacha. Kompyuter va internetning foydasi beqiyos, deydi qo’lyozmalar bo’limi mudiri Jeyms Xatson, lekin asl nusxa baribir boshqa gap.

“Bilasizmi Shekspir yoki Betxoven asarlarining asl nusxasi deganda odamni o’zgacha hayajon bosadi. Bunday qadriyatlar endi yo’q”,- deydi mutaxassis.

Kutubxonada besh milliondan ortiq xarita hozir elektron shaklga kirgan. Tarixiy kartalarni endi qog’ozda ko’rmaysiz. Atlaslar deysizmi, chizgi va sayohat rejalari, bularning hammasi maxsus texnologiya orqali faqat kompyuterda ko’rsatiladi. Aslini ko’rishga qiziqqanlar tabiiyki afsusda.

Elektron ko’rinishi yaxshiroq, deydi Kollin Kaxill, raqamli texnologiya bo’limi rahbari, ularni kompyuterda olish oson.

“Katrografik materiallar, bilasizmi, qancha joy egallaydi? Kutubxonada besh milliondan ortiq xarita bor, o’n minglab atlas va globus",- deydi Kaxill.

Kutubxona saytida bir yarim milliondan ortiq suratlar ham qo’yilgan.

Texnologiya, deydi mutaxassislar, odamlarning ilmga qiziqishini yanada kuchaytirmoqda.

“Chunki ma’lumotni olish oson. Bir necha tugmani bossangiz, hamma narsa muhayyo. Har birining ortida sizni minglab manba kutib yotibdi. Avvalgidan yuz chandon ko’p”.

Kongress kutubxonasi har kuni minglab yangi manbalarga quchoq ochadi. Bir texnologiyadan ikkinchisiga, yanada mukammalroq turiga o’tilar ekan, eng muhimi materiallar mazmuni, uning insoniyatga foydasi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG