Breaking News

Talaba AQShda vaqtincha ishlab, amaliyot o'tashi mumkin


Har yili O’zbekistonda minglab yoshlar mustaqil hayot boshlaydi. Ko’pchilik xorijdan ish topishni xohlaydi. Ularni qiziqtirgan savollardan biri shuki, Markaziy Osiyodagi universitetda o’qiyotgan yoki uni bitirgan mutaxassis Qo’shma Shtatlarda ish topishi mumkinmi?

AQShdagi InterExchange tashkilotini misol qilib olaylik. O’tgan yili InterExchange dasturida O’zbekistondan 130 talaba qatnashgan deydi tashkilot matbuot kotibi Keysi Slemn. Uning qatnashchilari 18-28 yoshlar atrofida va albatta talaba bo’lishi shart.

“Xorijlik talabalar uchun mo’ljallangan “Work &Travel” dasturida qatnashishni istagan yoshlar bizning ana shu mamlakatdagi vakilimiz bilan bog’lanishi zarur. Suhbatdan muvaffaqiyatli o’tgan talabalar AQShda ish bilan ta’minlanadi. Studentga qo’yiladigan asosiy talablar: ingliz tilini puxta bilish, 3-4 oy davomida AQShda ishlashga rozilik va ish tajribasiga egalik”.

Xo’sh, talabaga asosan qayerda ishlash taklif qilinadi, ularga maosh to’lanadimi, xarajatlarni kim qoplaydi?

Yo’l xarajatini o’zingiz to’laysiz, 1500-2000 dollar atrofida.

Tashkilot sizni Amerikaga taklif qiladi va bu taklifnoma asosida J-1 vizasi olish mumkin. Bu viza almashuniv dasturi qatnashchisi ekaningizni va AQShda faqat vaqtincha bo’lishingizni anglatadi.

“Qo’shma Shtatlarda ko’plab dam olish maskanlari, mehmonxonalar, ko’ngilochar maskanlar va istirohat parklari mavjud. Talabalar ana shu yerlarda ishlaydi. Masalan, Kaliforniya shtatining Santa Kruz shahrida ulkan istirohat bog’i bor. Har yili taxminan 70 nafar chet ellik talaba o’sha yerda ish bilan ta’minlanadi”.

Dastur talabalarning ta’til vaqtiga, xususan, yozgi va qishki kanikul paytiga mo’ljallanadi.

Bafurja ma’lumotlarni www.interexchange.org sahifasidan topasiz.

Endi, qo’lda diplom bilan universitet dargohini tark etgan tayyor mutaxassislarga to’xtalsak. Odam to’rt-besh yil universitetda o’qiganiga yarasha o’z ixtisosligi bo’yicha ishlashni istaydi.

AQShda ish izlayotganlarning aksariyati internetdagi www.monster.com, www.careerbuilder.com, www.hotjobs.com kabi veb saytlarga murojaat qiladi.

Qirg’izistonlik Mira Mambetaliyeva ana shu saytlar orqali agentlar bilan bog’langan. Nyu-Yorkdagi Xartvik Kollejini (Hartwick College) bitirgach uch oy ish izladim, deydi u.

Mazkur saytlarda siz o’zingiz haqingizda jamiki ma’lumotlarni joylashtirasiz. Ism-sharifigniz, manzil, telefon, ish tajribangiz, xobbi, xullas sizga doir barcha ma’lumotni o’zida ifoda etgan rezyume aynan shu yerda bo’ladi. Maxsus agentlar esa ana shu ma’lumot asosida sizga ish joylari haqida axborot berib turadi.

“Meni ishga yollagan kompaniya diplomimga, universitetga olgan baholarimga, ta’lim dargohida qanchalik faol bo’lganimga, ish tajribamga va albatta ingliz tilini qanchalik yaxshi bilishimga e’tibor berdi”.

Aytish joiz, aynan yirik kompaniyalar xorijlik mutaxassislarni ishga yollashga moyil. Turli tillarda so’zlasha olish, boshqa davlatda ish tajribasiga egalik – xorijlik mutaxassisning ustunligi ana shunda. Muhimi, ish beruvchining e’tiborini jalb qila olish. Buning uchun rezyumeni imkon qadar puxta yozish (mazkur saytlarda rezyumeni yozish haqida tavsiyalar mavjud), ingliz tilida so’zlashish va albatta kasbga telbalarcha muhabbat talab qilinadi.

Darvoqe, muhim maslahatlardan biri - suhbat paytida ish beruvchining sizdan “Nima uchun o’zingizni mana shu ishga loyiq” deb hisoblaysiz?” - degan savolga yaxshi javob o’ylab qo’ygan ma’qul.

XS
SM
MD
LG