Breaking News

Amerikada tibbiy sug'urtasiz yashash xavfli va qimmat


Global iqtisodiy tanazzul Amerikada ko’p oilalarni qiynab qo’ygan, biroq tibbiy sug’urtasi yo’q fuqarolarga undan ham qiyin.

Obama ma’muriyati sog’liqni saqlash va sug’urta tizimini isloh qilishga va’da bermoqda.

Ma'lumki AQShda tibbiy sug’urtangiz bo’lmasa, sog’liqni ehtiyot qilish lozim. Ammo yosh o’tgan sari buning uddasidan chiqish qiyinlashib boradi.

Robert Chambers ismli vashingtonlik pulni tejash maqsadida sug’urta sotib olmagan va shifokorga bormagan.

Ammo bir necha yil oldin ma’lum bo’lishicha, 52 yoshli Chambers qand kasaliga duchor bo’lgan ekan. Endi u qimmat turadigan insulin ukolisiz yashay olmaydi. Sug’urtasiz esa uni kerakli miqdorda sotib ololmaydi.

AQSh hukumati o’ta qashshoq yoki yoshi 65 dan oshgan odamlarga maxsus davlat dasturlari orqali tibbiy xizmat ko’rsatadi. Biroq aksariyat amerikaliklar sug’urtani xususiy kompaniyalardan sotib olishi zarur.

"Kam maosh oladigan fuqarolarning bunga qurbi yetmaydi", - deydi Chambers.

Vashingtondagi bir tashkilot hisobiga ko’ra, 2007-2008 yil o’rtasida 65 ga kirmagan 87 millionga yaqin odamda tibbiy sug’urta bo’lmagan.

Tashkilot rahbari Ron Pollakning aytishicha, sug’urtasiz odamlarda jiddiy kasallikka chalinish va hattoki bevaqt hayotdan ko’z yumish ehtimoli yuqori. Chunki diagnoz qo’yilganda sug’urtasi yo’q odam shifokorga borishga shoshilmaydi.

"Dard esa kuchayib, ba’zi paytlarda o’limga olib kelishi ham mumkin", - deydi Pollak.

Aksariyat shifokorlar sug’urtasi yo’q mijozlarga xizmat ko’rsatmaydi. Ammo ularga ba’zi hollarda qisman hukumat yordamida faoliyat yurituvchi va jamoalarga qarashli tibbiy markazlar yordam qo’lini cho’zadi. Ammo bunday maskanlarda sharoit a’lo darajada emas.

Masalan, poytaxt Vashingtondagi ana shunday klinikalardan biri boshlang’ich maktabning quyi qavatida joylashgan bo’lib, tish og’rig’i, SPID va boshqa kasalga duchor bo’lgan odamlar bilan to’lgan.

Klinika rahbari Kelli Maksheynning aytishicha, iqtisodiy tanazzul sabab mijozlar soni oshgan, ammo hammaga ham yordam berish imkoniyati yo’q.

Dori va mutaxassislar yetishmaydi, deydi u.

Delsi Suarez ismli ayolning qo’li shikast yeb, mahalliy kasalxonaning tez yordam bo’limiga murojaat etganida, bemorni ko’rish va qo’lini rentgenga solish uchun undan ming dollardan oshiq pul to’lash talab qilingan. Agar sug’urtasi bo’lganida, Suarez atigi 20-30 dollar to’lagan bo’lar edi xolos.

Federal qonunga ko’ra, kasalxonalar bemorda sug’urta bor-yo’qligidan qat’iy nazar shoshilinch yordam ko’rsatishi shart. Sug’urtasiz va kambag’al mijozlarga ko’rsatilgan xizmatni qoplash maqsadida sug’urta kompaniyalari borgan-sayin sug’urta narxini ko’tarmoqda.

Ron Pollakning aytishicha, bu oxir-oqibatda sug’urtasi bor odamlar hamyoniga urmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama saylov kampaniyasi davrida sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga va’da bergan. Uning aytishicha, tizimning qimmatligi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy tahdiddir.

So’nggi sakkiz yil ichida sug’urta narxi maoshga taqqoslaganda 4 barobar tez oshdi. Natijada 9 millionga yaqin amerikalik sug’urtadan ayrilgan yoki voz kechgan. Tibbiy xizmat qimmatligi sabab, har o'ttiz soniyada bir odam kasodga uchraydi. Yil oxiriga borib, bir yarim millionga yaqin kishi uyidan ayriladi, deydi Obama.

Tibbiy xizmat qimmatligi birlamchi, uning sifatsiz ekani esa fojianing asosidir, deydi iqtisodchi Sara Kollinz

"Shifokorlarga har bir muolaja uchun emas, tibbiy xizmat sifatiga qarab pul to’lash kerak. Bu bilan esa ancha pul tejalgan bo'lardi", - deydi mutaxassis.

Prezident Obama tizimni isloh qilish uchun kelasi 10 yilga mo’ljallangan 630 milliard dollarlik rezerv jamg’arma tuzishni taklif qilmoqda.

XS
SM
MD
LG