Breaking News

Dunyoga erta kelayotganlar soni ortib bormoqda




Dunyoda muddatidan oldin tug’ilgan bolalar soni yil sayin ko’payib bormoqda. Ayniqsa Shimoliy Amerika va Afrika bo’ylab, deydi mutaxassislar.

Dunyoda har yili o’rtacha 13 million chaqaloq erta dunyoga keladi. Ota-ona uchun har bir kun – sinov va o’ziga xos tajriba. Bola yashab ketadimi? Sihati qalay bo’ladi?

Bolalar salomatligi bilan shug’ullanuvchi mutaxassis Kris Xausen so’zlariga ko’ra, dunyoda chaqaloqlarning 10 foizi vaqtidan oldin dunyoga keladi. Nobud bo’lgan go’daklarning uchdan biri ham ana shular.

“Uzoq izlanib muhim raqamlarni aniqladik. Jahonda chala tug’ilgan bolalar necha foizni tashkil etishini hisoblab chiqdik. Bu qo’rqinchli raqam. Har yili 13 million bola erta tug’iladi. Yiliga bir milliondan ko’pidan hayotdan ko’z yumadi”,- deydi u.

Kris Xausenning aytishicha, bu son tobora oshib bormoqda. Muddatidan oldin tug’ilgan bolalarning 85 foizi Afrikada.

“Bunga sababchi omillar – qit’adagi kambag’allik, ochlik va sog’liqni saqlash tizimining talabga javob bermasligidir. Ayollar to’yib ovqatlanmaydi – homiladorlikdan oldin ham, uning davomida ham. Yuqumli kasalliklarni ham misol qilish mumkin”,- deydi mutaxassis.

Qo’shma Shtatlarda esa ancha boshqa sabablarni ko’rasiz. Yoshi 35 dan o’tgan ayollar orasida tug’ish su’rati ortib bormoqda. Homila ko’p hollarda sun’iy ravishda orttiriladi. Bu esa, deydi doktorlar, uch-to’rt egizaklar ehtimolini oshiradi. Ularning chala tug’ilishi hech gapmas.

Shifokorlarning aytishicha, ona qornida o’tkazilgan har bir hafta muhim. 5 yarim oylik bolaning yashab qolish ehtimoli 50 foiz bo’lsa, 6 oylik bola uchun bir oz xotirjam bo’ladi kishi.

Ammo tug’ilgandan keyin ham muammo yuzaga kelishi mumkin. To’qqiz yashar Xezer Kroy 5 oylik bo’lib tug’ilgan. Vazni bir kilogram ham chiqmasdi.

Xezer past ovozda gapiradi. Tug’ilgach, uch yilcha nafas yo’liga trubka tortib qo’yishgan, shuning asorati. Lekin boshqa bolalarda uchraydigan kasalliklar unda yo’q.

Ba’zi go’daklar aqlan zaif bo’lib qolishi, xavfli kasalliklarga yo’liqishi – falaj yoki kar bo’lishi ehtimoldan xoli emas.

Bugun chala tug’ilishning oldini oladigan aniq chora yo’q. Ammo, deydi shifokorlar, o’lim va kasallik su’ratini kamaytirish yo’llarini topish mumkin.

Yana bir muhim vazifa, deydi mutaxassislar, odamlarni bu muammodan ko’proq voqif etish kerak. Bo’lajak ota-onalar uning oqibatlari haqida yaxshiroq bilishi, ayollarning jismoniy va ruhiy salomatligi hamma narsadan ustun qo’yilishi kerak.

XS
SM
MD
LG