Breaking News

Uyda tug’ilayotgan chaqaloqlar: Amerikada doyalarga talab oshmoqda


Amerikada har yili taxminan 50 ming xonadon doyaga murojaat qiladi
Amerikada har yili taxminan 50 ming xonadon doyaga murojaat qiladi

Aksariyat jamiyatlar doya xizmatidan azaldan foydalanib kelgan. Amerikada bu amaliyot XIX asrgacha keng qo’llangan, biroq kasalxonalar va vrach-hamshiralar ko’payishi bilan doyalarga talab pasaydi.

1935 yilgi hisoblarga ko’ra, Qo’shma Shtatlarda chaqaloqlar 90 foiz hollarda gospitalda dunyoga kelgan.

1950- yillarga borib, aksariyat shtatlarda doyalik man etilgan. Holbuki, bugun tartib o’zgarib, ular yana xizmatga qaytmoqda.

Karen Kreymerning yaqinda ko’zi yuriydi. Doya ko’rigidan o’tmoqda. Hammasini rejalab qo’ygan. Bolani uyda tug’moqchi. Hammaning ham yuragi betlamaydi bunga.

Karen katta farzandlarini hamma qatori kasalxonada, doktorlarning ko’zi oldida dunyoga keltirgan.

Ammo oxirgi safar hamshiralar chaqalog’ini olib ketib, uch soatgacha qolib ketishgan. Gap bolaning salomatligida emas edi. Hamshiralar ish bilan bo’lib, esdan chiqargan, deydi ayol.

“Men bo’lsa, o’tirib rosa esim ketgan. Qani bolam, nega berishmayapti, nega bag’rimga bosa olmayman o’g’limni, nega muncha hayallashdi, deb. Juda asabimni yegan bu qiliqlari”.

Shundan keyin Karen Kreymer endi bola ko’rsam, doya bilan ish qilaman deb ko’ngliga tugib qo’ydi.

Amerika Ginekologlar Kengashi doyalar va uy sharoitida farzand ko’rishni xatarli, qaltis holat deb tasvirlaydi
Amerika Ginekologlar Kengashi doyalar va uy sharoitida farzand ko’rishni xatarli, qaltis holat deb tasvirlaydi

Bundaylar talaygina. Amerikada har yili taxminan 50 ming xonadon doyaga murojaat qiladi.

Barcha tug’ilishlarni hisobga olsak, shuning bir foizigina chetda o’tadi, ya’ni kasalxonada emas. Uyda ko’zi yoriydigan ayollar soni har yili uch foizga oshmoqda, deydi doya Meri Ann Richardson.

“Yangi mijozlar shu qadar ko’pki, ba’zilarni qaytarib yuborishga majburman. Yanvar ham, fevral ham to’lgan, uzr, deb javob qaytarishdan boshqa iloj yo’q. Doyalar ko’p emas”, -deydi doya.

Eymi Xamiter kenja farzandini uyda, doyaning yordamida tuqqan. “Ko’pchilik buni eshitganida dahshatga tushadi”, - deydi ona. Doktorning yordamisiz nahot iloji bo’lsa?

“Odamlar men uyda yakka-yolg’iz, g’arib bir sharoitda bola ko’rdim deb o’ylashadi. Chunki doya haqida tushuncha yo’q ularda. Bu ayollar ishning ko’zini biladi”, - deydi ona.

Doktor Mavis Shorn mavjud tasavvur-qoliplarni o’zgartirishga harakat qilmoqda. U Tennessi shtatidagi Valderbilt Universitetida hamshira-doyalar uchun treyning-darslarni boshqaradi. Ko’pchilik tug’ishga tabiiy bir jarayon deb emas, allaqanday mushkulot deb qaraydi, deydi u.

“Odamlar texnologiyaga ishonib qolgan. Qancha jihoz-uskuna bo’lsa, shuncha yaxshi, shuncha oson deb o’ylaydi. Kasalxona ham kattaroq bo’lsa, vrachlar ham oliy ma’lumotli bo’lsa deb. Hamma vaqt ham unday emas”, -deydi doctor Shorn.

Doktor Shorn fikricha, uyda, doyaning qo’llab-quvvatlovida farzand ko’rish bexatar. Xuddi tug’ruqxonadagi kabi ishonchli.

Ammo hamma ayollar ham bunga ishonavermaydi.

Amerika Ginekologlar Kengashi doyalar va uy sharoitida farzand ko’rishni xatarli, qaltis holat deb tasvirlaydi. Uyda dunyoga kelgan bolalar orasida o’lim ko’rsatkichi yuqori, deya bildiradi uyushma.

AQShning 10 shtatida doyalik hamon noqonuniy hisoblanadi. Eymi Xamiter hech afsuslanmaydi. Bolasini tug’ayotib, videoga tushgan, uni internetga joylagan. Boshqa ayollar bu imkon borligini bilsin, deydi u.

“Vahima qilishga hech hojat yo’q. Hamma vaqt ham jarayon silliq kechmasligi, qandaydir muammo yuzaga kelishi mumkin. Ammo ayol farzandini uyda tug’sa ham osmon uzilib yerga tushmaydi”, -deydi Eymi.

Shifokorlar sharti shuki, faqat sog’lom ayollar, ikkiqatligi chog’ida biror muammo tug’ilmagan juvonlargina uy sharotida farzand ko’rishi mumkin. Ekperiment qilib, o’ziningizning va bolaning hayotini xavf ostiga qo’ymang, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG