Breaking News

AQSh Isroilning yangi hukumati bilan muloqot boshlaydi


AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchel dushanba kuni Isroilga safar qilib, yangi hukumat bilan ilk bor uchrashadi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, oldingi hukumatdan farqli o'laroq, mustaqil Falastin davlatining barpo etilishiga qarshi.

Falastinliklar nazarida tinchlik jarayoni hamisha boshi berk ko'chada bo'lgan. Shu hafta Sharqiy Quddusda arablarga tegishli bir necha uy vayron qilingan.

"Isroil bu yerlarda birorta falastinlikning qolishini istamaydi," deydi ulardan biri.

Har ikki tomon Quddusni o'z poytaxti deb biladi. Isroilda hokimiyat tepasiga konservativ siyosatchilarning kelishi sulhga erishish umidlarini puchga chiqarmoqda.

Netanyaxu arablar bilan tinchlikka chaqirmoqda, ammo ularning o'z davlatiga ega bo'lish g'oyasini qo'llab-quvvatlamayapti. Aksincha G'arbiy Sohilda ikki xalq vakillari tortishuvlariga sabab bo'lgan yahudiy posyolkalarini kengaytirmoqchi.

Mamlakatning yana bir konservativ siyosatchisi, yangi Tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman fikricha Isroil 2007 yilda AQShda erishilgan bitim shartlarini bajarishi shart emas. Hujjatda Falastin davlatini yaratish rejalari joy olgan.

AQSh prezidenti Barak Obama Netanyaxu hukumatining bu bayonotlaridan noroziligini bildirib, mamlakatga maxsus vakili Jorj Mitchelni yubormoqda.

Falastin prezidenti maslahatchisi Nabil Abu Rudeynaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar avvalambor Isroilni posyolkalar qurilishini to'xtatishga undashi kerak.

"Bu boshlang'ich nuqta. Busiz falastinliklar bilan muzokara qilib bo'lmaydi," deydi rasmiy.

Isroillik tahlilchi Ron Pundak fikricha, falastinliklar o'z davlatiga ega bo'lmasa, vaziyat keskinlashishi mumkin.

"Netanyaxu buni anglab yetishi zarur," deydi Pundak.

Isroildagi ba'zilar xavotiriga ko'ra, agar falastinliklar mustaqil davlatga ega bo'lsa, hokimiyat radikal islomiy guruhlar qo'liga o'tishi, bu esa Isroil davlatchiligiga rahna solishi mumkin.

XS
SM
MD
LG