Yaqin Sharq tinchligini oliy vazifa deb belgilagan Obama ma’muriyati qanchalik harakat qilmasin, Isroil va Falastinni bir-birga qo’l uzatishga ko’ndira olmayapti.
AQSh diplomatlari mintaqaga tez-tez qatnab, tomonlarni muzokara boshlashga da’vat etmoqda. AQSh Yaqin Sharqda qanday siyosat yuritishi kerak? AQShning ko’zga ko’ringan to’rt arbobi bu borada o’z yechimlarini taklif qilmoqda.
Yaqin Sharqdagi yarim asrlik ziddiyatlar, Isroil-Falastin o’rtasidagi tortishuvlar shu qadar chuqurlashib boraveryaptiki, bugun mojaro yechimi bir orzu bo’lib qolgan. AQSh homiyligidagi muzokaralar boshi berk ko’chada.
Filip Vilkoks (Philip Wilcox), Yaqin Sharq Tinchlik jamg’armasi prezidenti, ziddiyat tugunini qanday yechish borasida Amerikaning keksa arboblaridan maslahat oldi. Jumladan sobiq prezident Jimmi Karterdan.
Ularning fikrlari bitilgan video murojaat yaqinda Oq uy va Kongress a’zolariga jo’natildi. Unda, deydi jamg’arma raisi, tinchlikka to’g’anoq faktorlar obdon muhokama qilingan.
"Xavfsizlik, hududiy bahslar va tinchlikni ta’minlashga kelganda, ham Isroil, ham Falastinning siyosiy tizimi layoqatsiz ahvolda. Bu degani, uchinchi bir tomon vositachilik qilmasa, tinchlikka erishib bo’lmaydi. Siyosatda pishgan tajribali diplomatlar fikicha bu rolga Amerika prezidenti eng munosib",- deydi Vilkoks.
G’arbu-sharqni bir-biriga yaqinlashtirishga urinayotgan Barak Obamaning tashabbuslarini, deydi Vilkoks, yangi jarayonga asos qilib olish mumkin.
"Bu xalqlar tinch va totuv yashishi uchun yagona yo’l bu - ikki mustaqil davlat barpo etishdir. Barchamiz shu maqsad sari intilishimiz kerak",- deydi u.
Amerika hukumati nazarida Isroil va Falastin o’rtasida muzokara qayta boshlanishi uchun Isroil qurilish ishlarini bas qilishi kerak. Buni talab qilayotgan falastinliklar aks holda murosaga o’rin yo’q deydi. Biroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bu masalada yon bergisi yo’q.
Sobiq prezident Jimmi Karter (Jimmy Carter) nazarida Isroilning o’jarligi sabab ikki mustaqil davlat barpo etish rejasi joyidan jilmayapti. Obama buni Isroilga uqtirsin, deydi u.
"Quddus sharqidagi yahudiylar, qurilish va uy-joy masalasi, Isroil xavfsizligi, Falastinda erkin va adolatli saylovlar zaruriyati haqida prezident Obama ochiq gapirishi lozim. Xamas va Isroil o’rtasida Misr vositachiligi ham muhim. Bu va boshqa qator mavzularga Obamaning fikrlarini eshitaylik",- deydi Karter.
Ammo Nyu-Yorkda Isroil rasmiylari va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan muloqotdan so’ng, AQSh rahbari muzokara hech qanday shartsiz o’tkazilgani ma’qul, degan bayonot bilan chiqdi.
Sobiq davlat maslahatchisi Zbignev Bjezinskiy (Zbigniew Brzezinski) AQSh, aksincha, dadilroq harakat qilsin deydi.
"Ochig’ini aytsam, murosa qilishga na Isroil, na falastinliklar tayyor. Jarayonni oldinga siljitish uchun konstruktiv, xolis va g’ayratli bir vositachi kerak",- deydi keksa arbob.
Brent Skovkroft (Brent Scowcroft) – sobiq davlat xavfsizligi maslahatchisi.
"Prezident vaziyatni o’z hukmiga olmasa, qattiqqo’l bo’lmasa, imkoniyat qo’ldan boy berilishi aniq. AQSh takliflari mana shular deb Obama ularni o’rtaga tashlasin. So’ngra o’z xalqiga tushuntirish Isroil va Falastin rahbarlarining vazifasi",- deydi u.
Muhokamadagi rejalarning ikir-chikiri yaqin orada ommaga taqdim etilishi amrimahol. "Biroq arab va yahudiy davlati tuzilgan taqdirda quyidagi dastur ko’zda tutilgan", - deydi sobiq davlat kotibi Jeyms Beyker (James Baker).
"Maqsad ikki qo’shni davlat sifatida bir-birini tan olish, tinchlikda hayot kechirish. Quddus atrofida yahudiylar uchun qurilgan uy-joylarning aksariyati, rejaga ko’ra, Isroil ixtiyorida qoladi. Biroq falastinliklarga boshqa bir joydan, teng miqdorda yer ajratilishi kerak. Bosib olingan yerlar uchun kompensatsiya to’lanadi",- deydi Beyker.
AQSh siyosiy arboblari nazarida arab-Isroil ixtilofiga chek qo’yish uchun tarixiy imkoniyat mavjud. Falastinliklarga erkinlik, Isroilga xavfsizlik va bu muqaddas zaminga tinchlik olib keluvchi yechim kerak, deydi ular.