Qo’shma Shtatlar mudofaa vaziri Robert Geyts, Eron tez orada AQSh bilan atom dasturi bo’yicha muzokaraga ko’nadi, degan umidda. U bu borada Isroilga qilgan tashrifi davomida so’zlagan.
Geyts bilan uchrashgan Isroil mudofaa vaziri Yaxud Barak Tehron atom qurolini qo’lga kiritsa, “o’zimizni himoya qilish uchun harbiy chora ko’rishimiz mumkin”, deydi.
Prezident Obamaning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchel ham Isroilda, tinchlik muzokaralarini davom ettirmoqda. Falastin davlati barpo etilishi uchun har ikki tomon sulhga rioya qilishi lozim, deydi Amerika diplomati. Mavzu tafsilotlari bilan Komron Usmon.
"Prezident Obama", deydi Jorj Mitchel, "arab-Isroil davlatlari tinchligi tarafdori. Bu Falastin-Isroil, Suriya-Isroil va Livan-Isroil o’rtasida do’stona rishtalar bog’lash", - deydi AQSh diplomati.
Rasmiy Vashington Isroildan G’arbiy Sohilda turar joylar qurib, falastinliklar yerini egallashni bas qilishni talab qilib keladi. Isroil esa AQSh talabini rad etmoqda. Biroq Bosh vazir Benyamin Netanyaxu yaqinda vazirlar kengashida qilgan chiqishida, Vashington bilan taranglikni yumshatishga harakat qilgan.
"AQSh va Isroil hamkor davlatlar. Kelishmovchiliklar bo’lishi tabiiy. Biroq bir-birimizni tushunishga harakat qilamiz. Maqsad yagona - Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatib, mintaqani rivojlantirish", - deydi Netanyahu.
Mintaqaga safar qilayotgan AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts, Isroil Eron atom inshootlariga harbiy zarba beramiz degan po’pisalarni qilmasin deb so’ramoqda.
Hukumat so’zlovchisi Zalman Shoval, rasmiy Tehron Isroilga tahdid solar ekan ekan, Isroil qo’l-qovushtirib o’tira olmaydi, deydi.
"Barcha vositalar muhayyo - xoh diplomatic, xoh harbiy bo’lsin", - deydi Zalman Shoval.
Eron atom dasturini tinch maqsadlarda, aholiga elektr energiya yetkazish uchun olib borayotganini aytsa-da, AQSh va Isroil, rasmiy Tehron atom qurolini qo’lga kiritmoqchi deya xavotirda.