Eronda Britaniya elchixonasining besh mahalliy xodimi hibsdan ozod etilgan. Ular saylov ketidan boshlangan namoyishlarga aloqadorlikda ayblanib, qamoqqa olingan edi. Yana uch xodim panjara ortida qolmoqda.
Britaniya va Yevropa Ittifoqi ularni darhol qo’yib yuborishni talab qilmoqda va Eron hukumatini zulmda ayblamoqda.
Islomiy respublika rasmiylari nazarida G’arbga tegishli idoralarda ishlagan odamlar namoyishlar haqida noto’g’ri ma’lumotlar bermoqda.
Bu orada esa Inqilobiy Kengash farmoniga binoan 12 iyundagi prezident saylovlarida berilgan ovozlarning 10 foizi qayta sanalmoqda.
Kengash a’zolari bugun Mir Husayn Musaviy, Ahmadinajod bilan bellashgan muxolifatchi bilan uchrashgan. Musaviy barcha ovozlar qayta sanalishi yoki saylov natijasi umuman bekor qilinishi kerak deydi. Kengash bunga ko’nmagan va bugungi muzokara samarasiz tugagan.
AQSh vaziyatni yaqindan kuzatmoqda, ammo e’tiborni saylov natijasi emas, Eron atom dasturiga qaratadi.
“Vashington bu masalaga yechim topishda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishni xohlaydi”, - deydi Amerikaning BMTdagi elchisi Syuzan Rays.
Obama ma’muriyati ko’p-davlatli guruh tuzib, Eronni uranni boyitishni to’xtatishga ko’ndirish niyatida. Biroq, deydi Obamaning o’ng qo’li, yaqin maslahatchisi Deyvid Akselrod, Vashington Eron tashqi siyosatiga kelganda prezident Mahmud Ahmadinajodga jiddiy qaramaydi.
“Ahmadinajod Eronning tashqi aloqalari va mudofaa siyosatini hal qiladigan odam emas. U asosan mahalliy siyosat bilan mashg’ul”,- deydi Oq Uy rasmiysi.
Amerika, deydi Deyvid Akselrod, Eron ichki ishlariga aralashmaydi.
“Eron hukumati o’z muammolarida AQShni ayblashni bas qilishi kerak”,- deydi u.
“Eronda tuzum hamisha har qanday masalada aybni AQShga ag’darib keladi. Ahmadinajod bizni yomonlamay, o’z xalqiga quloq tutsin. Muammo bizda emas, o’z xalqi undan norozi ekanida”,- deydi Obamaning maslahatchisi.
Eron tug’diradigan xavfni bartaraf etish uchun mo’ljallangan va Markaziy Yevropada o’rnatilishi rejalangan mudofaa tizimi borasida, AQSh bosh harbiysi, admiral Mayk Myullen so’zi bilan aytganda, “hali biror aniq qarorga kelinmagan”.
“Tahdid aniq, Eron strategik qurollarini ko’paytirmoqda. Bu Yevropa tinchligi, Amerika tinchligi va butun dunyo xavfsizligiga raxna soladi. Biz hammaning ko’ngliga o’tiradigan mudofaa rejasi bilan chiqmoqchimiz va maslahatlashayapmiz”,- deydi admiral Mayk Myullen.