Breaking News

Muxolifat Eron hukumatidan islohotlar talab qilyapti


Eron hukumati yozgi prezident saylovlaridan beri tinmayotgan norozilik namoyishlariga chek qo’yishini ta’kidlar ekan, muxolifat rahbari Mir Husayn Musaviy islohotchilar harakatini kuch bilan bostirib bo’lmaydi demoqda.

“Eron krizis iskanjasida. Odamlarni qamash yoki o’ldirish bilan vaziyatni tinchlantirib bo’lmaydi”, - deydi prezident Mahmud Ahmadinejod bilan bellashgan muxolifatchi.

Norozilik to’lqini prezident saylovlaridan beri tinmayapti. O’tgan hafta politsiya bilan to’qnashuvda 8 odam, jumladan Musaviyning jiyani halok bo’lgan.

Turli shaharlarda amaldagi hukumat tarafdorlari “Musaviyga o’lim”, “Riyokor isyonchilar qatl etilsin”, “Oliy rahbarga jonimizni berishga ham tayyormiz” kabi shiorlar ostida namoyish qilmoqda. Saylov natijasi soxta deb kelayotgan Musaviy shahid bo’lishga tayyorman degan.

Muxolifat hukumatdan siyosiy mahbuslarni ozod etishni, saylov qonunlariga tuzatish kiritishni talab qilmoqda.

Xabarlarga ko’ra, poytaxt Tehronda kuchli xavfsizlik choralari ko’rilgan. Huquq-tartibot idoralari har qanday g’alayonni shafqatsiz ezamiz demoqda.

Eron razvedka boshlig’i Haydar Moslehiy muxolifatni “Xalq Mujohidlari” nomli, faoliyati man etilgan guruh bilan til biriktirganlikda ayblagan. “Isyonchilar haqida qo’limizda ancha ma’lumot bor, ular sud oldida javob beradi”, - deydi Moslehiy.

Rasmiylar nazarida namoyishlarning saylovga hech qanday aloqasi yo’q - islomiy tuzum va uning yetakchilarini qoralash uchun shunchaki bahona. “Xalq”, deydi parlament spikeri Ali Larijoniy, “tartibsizliklarga chek qo’yishni talab qilmoqda va hukumat ular xohishini bajo keltiradi”.

So’nggi bir haftada Eronda yuzlab namoyishchi, faol va ziyolilar hibsga olingani ma’lum. Xorijiy matbuotga voqealarni mamlakatdan turib, to’g’ridan-to’g’ri yoritish man etilgan.

Diniy ulamolar nazarida xalqni qo’zg’olonga boshlayotgan muxolifat yetakchilari “Allohning dushmani” va o’lim jazosiga loyiq.

XS
SM
MD
LG