Eronda prezident saylovlari ketidan boshlangan katta namoyishlar hukumat bosimi ostida tingan ko’rinadi. Ammo, xabarlarga ko’ra, Tehron ko’chalarida ommaviy norozilik hissi hukmron.
Shanba kuni muxolifat va xavfsizlik kuchlari to’qnashganida 460 ga yaqin fuqaro qamoqqa olingan. Harbiylar o’qidan 10 kishi halok bo’lgani ma’lum.
Politsiya tartibni buzgan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishga majbur bo’lganini bildirmoqda. Ommaviy chiqishlar man etilgan va Eron Inqilobiy Gvardiyasi odamlarni qonunni buzmaslikka chaqirib, aks holda qurolli javob berilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Saylovda prezidentlik uchun kurashgan Mir Husayn Musaviy, hukumatni repressiya va adolatsizlikda ayblab, tarafdorlarini norozilik belgisi sifatida mashina chiroqlarini yoqib yurishga undagan.
12 iyundagi saylovlar ketidan boshlangan zo’ravonliklarda, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 17 kishi o’lgan. Muxolifat bu raqamga shubha bilan qaraydi va aslida undan-da ko’p odam nobud bo’ldi deydi.
Eron davlat televideniyesi namoyishchilarni “mamlakat tinchligini ko’ra olmayotgan terroristlar” deya tasvirlay boshlagan.
Hukumat saylov natijalarini tekshira boshlagan, soxta ovozlar aniqlangan, ammo "g’olib baribir amaldagi prezident Mahmud Ahmadinajod ekani aniq",- deydi Vasiylar kengashi so’zlovchisi Abbos Ali Kadxudoiy.
Musaviy fikricha saylov tartibi butun mamlakat bo’ylab buzilgan.
Eronga chet el jurnalistlari kiritilmayotgan ekan, Tehronda nima bo’layotganini xalqaro jamoatchilik asosan internetdan, oddiy fuqarolardan olinayotgan ma’lumot, tasvir va videolardan bilmoqda.
Germaniya kansleri Angela Merkel Eron diniy tuzumini inson huquqlarini ardoqlashga, xalq o’z fikrini erkin bildirishi uchun sharoit yaratishga chaqirgan.
Fransiya, Italiya va Ispaniya hukumatlari ham Eron rahbariyatini oshkoralikni ta’minlashga, ommaga saylov demokratik kechgan yoki kechmaganini isbotlab berishga undagan.
AQSh ham vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Prezident Barak Obama “Eron ichki siyosatiga aralashmaymiz, ammo zo’ravonlik bas qilinsin”, - deydi.
"Amerika va butun dunyo Tehron ko’chalarida olomon adolat talab qilayotganini ko’rib turibdi. Hukumat xalqqa qarshi qurol ishlatmay, uning dardiga quloq solishi kerak",- deydi Obama.
Respublikachilar nazarida esa prezident ildam harakat qilmayapti va Eronda oddiy fuqarolar qon to’kilib, namoyishlar kuch bilan bostirilayotganiga nisbatan yumshoq munosabatda.
"Eron xalqi demokratiya talab qilayotgan bir paytda biz ularni quvvatlamay, o’z prinsiplarimizga qarshi ish tutayapmiz”,- deydi senator Jon Makkeyn.
Uning safdoshi senator Lindzi Grexem ham “AQSh namoyishchilar tomonida ekanini qo’rqmay aytishi kerak”, - deydi.
"Tehron ko’chalarida yoshlar, erkakmi ayol, bizdan ko’mak kutmoqda. Inglizcha shiorlarni ko’tarib, bizdan madad so’ramoqda. Ularni quvvatlash bizning burchimiz”,- deydi respublikachi senator.
President Obamaning partiyadoshlari va keksa arboblar, jumladan sobiq tashqi ishlar vaziri Genri Kissenjer fikricha esa prezident muvozanat saqlab to’g’ri ish tutayapti.
“Eronda kim haq, kim nohaq ekanini o’sha jamiyatning o’zi belgilaydi. Biz bunga aralasha olmaymiz”,- deydi u.
Demokrat senator Kristofer Dodd "Amerika muxolifat ortida turgani yo’q va Eron xalqi buni biladi va tushunadi",- deydi.
“Hozir biror narsa qilsak, Eron hukumatini bizni unga qarshi ishlarda ayblab, namoyishchilarni va muxolifatni ezadi. Eron xalqi shijoatli, unga nima kerakligini o’zi biladi”,- deydi senator.
Yetakchi demokrat senatorlardan Evan Bey ham G’arbni Erondagi vaziyatni baholashga shoshmaslikka, aralashmaslikka va bu xalqni ruhan qo’llab-quvvatlash bilan cheklanishga chaqirmoqda.
“O’tmishdan saboq olaylik. G’arb bosh suqsa, bu faqat notinchlikka olib boradi. Eron hukumati o’z hozir shunday bahona qidirayapti”,- deydi senator.
Tehronda esa Mahmud Ahmadinajod, Tashqi ishlar vaziri Manuchehr Mo’ttakiy va ulamolar Yevropa va Amerikani Eron xalqini o’z tuzumiga qarshi oyoqqa turg’azishga urinayotganlikda ayblay boshlagan.