Breaking News

Eron xavfsizlik kuchlari namoyishlarni tarqatishga urinmoqda


Eronda siyosiy inqiroz davom etmoqda. Bugun poytaxt Tehronda namoyishchilar politsiya bilan to’qnashgan.

Ommaviy axborot vositalariga qo’yilgan cheklovlar bois mamlakatdan aniq ma’lumot olish qiyin.

“Amerika Ovozi” bilan telefon va internet orqali bog’lanayotgan guvohlarning aytishicha, xavfsizlik kuchlari Tehron markazidagi “Inqilob” va “Ozodlik” maydonida to’planishga uringan minglab namoyishchini tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz, suv va to’qmoq qo’llagan.

Eron davlat televideniyesi xabarlarida namoyishlar “noqonuniy”, ularda qatnashayotganlar esa “isyonchilar” deb tasvirlanmoqda. Ayrim manbalarga ko’ra, Eron Islom Respublikasi asoschisi Oyatulla Xomeyniy maqbarasi oldida portlash ro’y bergan.

Hukumat muxolifatni, xususan namoyishlarga boshchilik qilayotgan Mir Husayn Musaviyni “norozilik chiqishlarini bas qiling” deb qattiq ogohlantirgan. Mamlakat oliy rahbari Oyatulla Ali Xomeniy saylov natijasini barcha tomonlar tan olishi kerak deydi.

Juma namozida qilgan chiqishida Xomeniy saylov natijasini himoya qildi, G’arbni mamlakat ichki ishlariga burun suqayotganlikda aybladi. Mahmud Ahmadinejod va Mir Husayn Musaviyni bir-biridan 11 million ovoz ajratib turgan bir paytda, natijani qanday qilib soxtalashtirish mumkin, deb so’raydi Eron oliy rahbari.

Raqamlar e’lon qilinganidan beri deyarli har kuni o’tayotgan namoyishlarda, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, hozirgacha 7 kishi halok bo’lgan. Hukumat ovozlarni qisman qayta sanashga rozi. Muxolifatning talabi saylovni qayta o’tkazishdir.

AQSh Kongressi Erondagi zo’ravonlik va axborot vositalari cheklanayotganini qoralab rezolyutsiya qabul qilgan. Respublikachi qonunchilar prezident Barak Obamani ham kuchli bayonot bilan chiqishga undamoqda.

XS
SM
MD
LG