Breaking News

O'zbekistonda Eron haqidagi tasavvur o'zgarmoqda


Eronda o’tgan prezident saylovlari va ular ketidan boshlangan to’s-to’polonlar haqida O’zbekiston ommasi asosan rus axborot vositalari va xalqaro manbalar orqali ma’lumot olmoqda.

Tehronda xorijlik jurnalistlar mamlakatdan chiqarib yuborilmoqda, internet va uyali aloqa cheklab qo’yilgan.

Sharhlovchi Komron Aliyev so’zlariga ko’ra, voqealar birinchi navbatda Erondagi tuzum haqida tasavvurni o'zgartirib yuborgan.

“Lekin, afsuski, Ahmadinajod ma’muriyati demokratiyani yig`ishtirib qo`yib, namoyishchilarga qarshi o`q otishni, xalqaro jurnalistlarni chiqarib yuborishni, internetni to`sib qo`yishni boshladi. Bu voqealar dindorlar manfaatiga to'g'ri kelsagina, demokratiyaga ruxsat berishi mumkinligidan dalolat”, - deydi u.

Mahalliy jurnalistlardan biri deydiki, ko'pchilikda Eron islomiy aqidalar hukmron, zamonaviy texnologiyalar bir qadar cheklangan davlat degan tasavvur shakllangan edi.

Saylov bilan bog`liq voqealar, namoyishlar, ularning global tarmoqda yoritilishi bu tasavvurni o'zgartirgan.

Sharhlovchi Akbar Aliyev nazarida hozirgi voqealarni Erondagi islomiy inqilobning mantiqiy davomi sifatida tushunish mumkin.

“Jamiyat doim rivojlanib boradi. Hozir avvalgi ramkalar torlik qilib qoldi va bu tabiiy. Ijtimoiy hayot doimiy taraqqiyotda. 1979 yildagi Eron bilan 2009 yildagi Eron bir-biridan farq qiladi, buni o`tgan saylovlar ham ko`rsatdi”, - deydi sharhlovchi.

Aliyevning aytishicha, Eronda saylov kampaniyasida nomzodlar keskin kurash olib bora olgani, buning uchun imkoniyat yaratilgani, ular ortida katta guruhlar, muxolifat turganini islomiy demokratiya muvaffaqiyati sifatida ko`rish mumkin.

Eron Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, Ahmadinajod 60 foizdan oshiq, Musaviy esa 30 foizdan ko`p ovoz olgan.

Musaviy tarafdorlari ovozlar soxtalashtirilgan, prezident saylovlari qayta o'tkazilishi kerak deb talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG