Eronda vaziyat taranglicha qolmoqda. Prezident saylovlarini qayta o’tkazishni talab qilayotgan minglab namoyishchi poytaxt Tehronda politsiya bilan to’qnashib, rasmiy manbalarga ko’ra 13 odam halok bo’lgan.
Politsiya ularni ko’zni yoshlantiruvchi gaz, suv va to’qmoqlar bilan tarqatishga uringan. Xalqaro hamjamiyat Erondagi voqealarni xavotir bilan kuzatmoqda.
Ommaviy axborot vositalariga qo’yilgan keng qamrovli cheklovlar bois Erondan aniq ma’lumot olish qiyin. Vaziyatni internetda “Youtube”, “Facebook” va “Twitter” kabi ommabop veb sahifalarga qo’yilayotgan video materiallar, guvohlar va oddiy fuqarolar Erondan yuborayotgan rasmlarga qarab baholash mumkin.
Eron oliy rahbari bergan ogohlantirishga qaramasdan, namoyishlarda minglab odam qatnashyapti. Eron davlat televideniyesi va matbuoti tarqatgan xabarga ko’ra, Tehronda Islom Respublikasi asoschisi Oyatulla Xomeyni maqbarasi oldida bir kishi o’zini portlatgan. Yana bir masjidga o’t qo’yilgan.
Mahmud Ahmadinejodga yutqazgan nomzodlarning barchasi saylov natijasidan norozi va diniy ulamolardan iborat Vasiylar Kengashiga shikoyat qilgan. Tartibsizliklar avj olgach, kengash ular bilan uchrashishga rozilik bergan edi. Taklifni faqat konservativ nomzod Muhsin Rizoiy qabul qilgan.
Eron sobiq prezidenti Abulhasan Bani Sadr 1981 yildan beri quvg’inda, Fransiyada yashab keladi. Uning ta’kidlashicha, Eronda avtoritar rejim hukmron. “Saylov natijasiga nisbatan norozilik erkinlik uchun kurashga aylanmoqda”, -deydi u.
Eron oliy rahbari Oyatulla Ali Xomeniy xalqqa murojaatida Ahmadinejod shubhasiz g’alaba qozonganini aytib, u olib borayotgan ichki va tashqi siyosatni ma’qullagan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi” va Britaniyaning “BBC” teleradiokompaniyalarini tartibsizlikka hissa qo’shayotganlikda ayblamoqda. “BBC”ning Tehrondagi muxbiri mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Vazirlik so’zlovchisi Hasan Qashqavi so’zlariga ko’ra, fuqarolar bu tashkilotlarga ma’lumot uzatishi Eron suverenitetiga zid va ular jamiyat dushmani deb ko’riladi.
“Amerika Ovozi” rahbari Den Ostin ayblovni qat’iyan rad etib, “Eronga faqat xolis va ishonchli axborot uzatyapmiz” deydi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Milibandning aytishicha, “namoyishchilar xorijiy davlatlardan ko’rsatma olyapti” degan da’volar safsata.
Prezident Barak Obama Eron hukumatini “o’z xalqiga nisbatan zo’ravonlik va mushtumzo’rlikni” bas qilishga chaqirgan. “Rasmiy Tehron unutmasinki, butun dunyo hodisalarni kuzatib turidbi. Xalq irodasi hokimiyatning negizi bo’lmog’i lozim”, - deydi AQSh rahbari.
Amerikaning qator shaharlarida, jumladan Nyu-York, Vashington va Los-Anjelesda Eron muxolifatini quvvatlab namoyishlar o’tgan. Fransiyada 80 ming odam ishtirok etgani aytilmoqda.
“Eron xalqi”, deydi namoyishchilardan biri, “demokratik jamiyatda erkin hayot kechirishni istaydi. Lekin amaldagi hukumat bunga yo’l bermayapti”.
Yana biri - Behruz Tavakoli xalq qo’zg’oloni Erondagi siyosiy muhitni tubdan o’zgartirishiga ishonadi. “Ikki hafta bo’ladimi, bir yilmi, ertami-kechmi xalq bunga erishadi”, - deydi u.
Eronlik yozuvchi Ardavan Amir-Aslanining qayd etishicha, Mir Husayn Musaviy ham, Mahmud Ahmadinejod ham elita vakillari, ular ancha yillar hukumatda ishlagan.
“Lekin”, deydi u, “mamlakat tashqarisida yashayotgan millionlab eronliklar Musaviyni quvvatlamoqda, chunki ular nazarida saylov natijasi soxtalashtirilgan”.