Breaking News

Eronda muxolifat yirik namoyishlarga taraddud ko'rmoqda


Eron muxolifati 11 fevral, Islomiy inqilobning 31 yilligida amaldagi hukumatga qarshi namoyishlarga chaqirmoqda.

Muxolifat rahbarlari, o’tgan yili prezident poygasida qatnashgan Mir Husayn Musaviy va Mahdi Karubiy uchrashib, hukumat tanqidchilari qatl etilayotganini qoralagan. Ayni paytda 16 faol ustidan sud ishi ketmoqda.

Ayblanuvchilarning ikkisi ayol. Besh nafariga “Allohning dushmani” degan ayb qo’yilib, o’limga mahkum etilishi kutilmoqda. Ular shuningdek tartibni buzganlik, jamoat tinchligiga raxna solganlikda ayblanyapti.

Islomiy inqilobning 31 yilligi arafasida muxolifatchilar 11 fevralni navbatdagi namoyishlar kuni deb belgilagan. Mir Husayn Musaviy va Mahdi Karubiy nazarida qatl etishlar tanqidchilarni qo’rqitib qo’yish va norozilik aksiyalarini bartaraf etishga qaratilgan.

Eron televideniyesiga ko’ra, yana 37 kishi ustidan tergov yakunlanib, ularning ishi sudga oshirilgan. Ayrim ayblanuvchilar, deyiladi xabarda, terrorchi oppozitsion guruhlarga a’zo bo’lib, xorijda tayyorgarlikdan o’tganini tan olgan.

Muxolifat rahbarlarining qayd etishicha, Eronda aksariyat aholi haq-huquqlari tiklanishini talab qilmoqda, xolos. Mojaroni hal etishning yagona yo’li, deydi ular, hukumat siyosiy mahbuslarni ozod etsin, so’z erkinligi ta’minlansin, barcha partiyalarga erkin faoliyat yuritish uchun imkon berilsin va saylovlar qayta o’tkazilsin.

Tahlilchilar nazarida hukumat va muxolifat murosa qilishi uchun hali imkoniyat bor, ammo soxta sud va qatl etishlar davom etishi xalqni amaldagi hukumatdan yanada yiroqlashtiradi.

Namoyishlarda qatnashib tartibni buzganlik aybi bilan hozirgacha Eronda 80 dan ortiq odam qamoqqa tashlandi. To’qqiz kishiga o’lim jazosi berilgan.

XS
SM
MD
LG