Breaking News

Eron Inqilobiy Gvardiyasi muxolifatchilar sudga tortilsin deydi


Eronda prezident saylovlarida mag’lub bo’lgan nomzodlardan biri Mehdi Karrubiyning aytishicha, ommaviy namoyishlar paytida hibsga olinganlar qiynoqqa solingan, ayollar zo’rlangan, erkaklar ham jinsiy tahqirlangan.

Rasmiylar buni tan olgan. Uch kishi jon bergani ma’lum. Karrubiy mamlakatning diniy-siyosiy yetakchilaridan biri Akbar Hoshimiy Rafsanjoniyga murojaat qilib, bu borada tergov boshlashni so’ragan.

Eron Inqilobiy Gvardiyasi rahbari Yodullo Javoniy esa, muxolifat yetakchilarini sud qilish kerak deb chiqmoqda.

“Mirhusayn Musaviy, Mehdi Karrubi va sobiq prezident Muhammad Hotamiy mamlakatda zo’ravonliklar avj olishiga sababchi bo’lgani uchun sudga tortilsin”, - deydi Inqilobiy Gvardiyaning siyosiy qanoti rahbari Yodullo Javoniy.

Eron davlat axborot agentligiga bergan bayonotida, Javoniy bu shaxslarni “baxmal inqilobi” asoschilari deb atagan.

“Buni isbotlovchi dalillar yetarli”, - deydi Javoniy.

Eron diniy rahnamosi Oyatulla Ali Hominiy esa namoyishga boshchilik qilganlarni “davlat dushmanlari” sifatida ko’rsa-da, muxolifat yetakchilarini sudga tortish borasida biror narsa demagan.

Iyun oyidagi prezident saylovlari ketidan katta namoyishlar avj olgan, yuzlab muxolifatchilar, jurnalistlar, ziyolilar, yoshlar qamoqqa tashlangan edi. Mana 10 kundirki, ular ustidan sud ishi ketmoqda.

Hibsdagi muxolifatchilardan biri Muhammad Rizo Zamoniy sudda so’roq qilinar ekan, tuzumni to’ntarish uchun bir necha portlashlar va namoyishlar rejalaganlik aybiga iqror bo’lgan. U shuningdek “Iroqdagi AQSh josuslari bilan aloqada bo’lganman. Ulardan uyali telefon olganman” degan.

Eron politsiyasi rahbari Ismoil Ahmadi-Mug’addamning aytishicha esa, yaqinda yopilishi e’lon qilingan Kahrizak qamoqxonasi boshlig’i lavozimidan bo’shatilib, hibsga olingan.

Kahrizakda zo’ravonlik va o’lim hollari yuqoriligi tufayli xalq orasida norozilik kuchaygach, Oyatulla Ali Hominiy bu inshootni yopishni buyurgan.

Muxolifat yetakchisi Mirhusayn Musaviy va sobiq prezident Muhammad Hotamiy u yerda o’tirgan siyosiy mahbuslar ozod etilsin demoqda.

“Qiynoqlar qo’llab ko’rsatma olish noqoniniydir”, - deydi muxolifat vakillari.

XS
SM
MD
LG