Breaking News

Eron: Ahmadinejod g'alabasi ketidan namoyishlar


Eronda o’tgan saylovda prezident Mahmud Ahmadinejod g’alabasi e’lon qilingach, poytaxt Tehronda namoyishlar avj oldi. Raqib nomzodlar tarafdorlari politsiya bilan to’qnashgan.

Hisoblarga ko’ra, prezident saylovlarida ovoz berish huquqiga ega aholining 85 foizi qatnashdi. Mahmud Ahmadinejod 63 foiz ovoz olib, shubhasiz g’olib chiqdi, deydi saylov komissiyasi rasmiylari.

Ahmadinejodning bosh raqibi, islohotchi arbob sifatida tanilgan Mir Husayn Musaviyga saylovchilarning 34 foizi ovoz bergan. Musaviy natijani “xiyonat” va “hiyla-nayrang” mahsuli deya tanqid qilmoqda. Uning aytishicha, jarayonda ko’plab qonunbuzarliklar kuzatilgan.

“Saylov uchastkalariga yetarli kuzatuvchi kiritilmadi. Byulleten yetishmovchiligi sabab millionlab kishi ovoz bera olmadi”, - deydi Musaviy.

Eron ichki ishlar vaziri Sodiq Mahsuliy ommaviy yig’ilish va namoyishlarga ruxsat yo’q, tartibni buzganlar jazolanadi deb ogohlantirgan edi.

Eron oliy rahbari Oyatulla Ali Xominiy natijadan mamnun. “80 foizdan oshiq saylovchi ishtirok etib, aksariyati amaldagi prezidentga ovoz bergani quvonarli hol”, - deydi u.

Saylovoldi vaziyatni kuzatgan tahlilchilar to’rt da’vogardan ikkisi - Mahmud Ahmadinejod va Mir Husayn Musaviy ehtimol teng ovoz oladi va qayta bellashadi deb bashorat qilgan edi. Ular o’rtasida kuchli raqobat ketdi. Raqiblari Ahmadinejodni iqtisodiyotni boy berib, mamlakat sha’niga dog’ tushirganlik, uni G’arbdan yakkalab qo’yganlikda ayblaydi.

Tehron bilan aloqani yangilashga chaqirgan AQSh prezidenti Barak Obama prezidentlikka nomzodlar o’rtasida kechgan qizg’in debatlarni olqishlagan.

“Kimni saylash Eron xalqi ixtiyorida. Saylov kampaniyasi, bahs-munozaralar odamlar yangi imkoniyatlarga tashna ekanini ko’rsatdi. Kim yutishidan qat’iy nazar Eron bilan muloqotni davom ettirish istagidamiz”, - deydi Obama.

Isroil nazarida Mahmud Ahmadinejod g’alabasi Eron xavfi oshib borayotganini ko’rsatmoqda. Isroil Tashqi ishlar vaziri muovini Denni Ayalon Eron yuritayotgan yadroviy tadqiqotlarga chek qo’yishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG