Breaking News

Eron xalqi prezidentga ovoz bermoqda


Prezident kursisi uchun to’rt nomzod, jumladan, amaldagi rahbar Mahmud Ahmadinejod ham bellashmoqda. Uning asosiy raqibi – Mir Husayn Musaviy Eronni ichki va tashqi siyosatini tubdan o’zgartirish kerak deb chiqmoqda.

Saylov kampaniyasi paytida Eron ko’chalari gavjum bo’ldi. Nomzodlar o’rtasida kechgan teledebatlar bellashuvni qizdirib yuborgan.

Oldinda ketayotgan ikki nomzodning har biri - Mahmud Ahmadinejod va Mir Huysan Musaviy millionlab tarafdorga ega. Ular bir-birini tuhmatlarda va layoqatsizlikda ayblamoqda.

Ahmadinejod “raqiblarim iqtisodiyot haqida yolg’on ma’lumot, o’zim haqimda uydirma gaplar tarqatmoqda” deydi. U sobiq prezident Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy va boshqa siyosatchilarni korrupsiyada ayblagan.

Eron sobiq rahbari, 1981 yildan beri Fransiyada yashayotgan Abulhasan Bani Sadrning tushuntirishicha, debatda yangragan gaplar butun siyosiy tizimni ostin-ustun qilib yubordi.

“Xalq ko’tarinki kayfiyatda chunki tizim o’zgarishi kerak deb ishonadi. Amaldagi hukumat korrupsiyaga botgani, xalqaro sahnada “terror homiysi” degan nom chiqargani hammaga ma’lum”, - deydi Abulhasan Bani Sadr.

“Janjal shu darajaga yetdiki, Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy Ahmadinejod qilgan tuhmatlari uchun uzr so’rasin deb talab qo’ygan. Hatto matbuot orqali Eron oliy peshvosi Oyatulla Ali Hominiyga murojaat qilib, ig’volarga qarshi chora ko’rishni so’radi”.

Shunga qaramasdan, deydi amerikalik siyosatshunos Gari Sik, Ahmadinejod lavozimida qolsin deyayotganlar ko’p.

“Ahmadinejod o’z tarafdorlari orasida oddiy xalq tashvishlari bilan yashaydigan, uning manfaatini o’ylab ish tutadigan rahbar bo’lib tanilgan. Raqiblari nazarida esa uning boshqaruv davrida Eron xalqaro sahnada barcha bilan arazlashdi, masxara bo’ldi, iqtisodiy muammolar yechilmadi”, - deydi Sik.

Uning qayd etishicha, Ahmadinejodga nisbatan norozilik tobora kuchayib bormoqda. Muxolifat bo’sh kelmayapti. Eron hukumati maxfiy tarzda o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, deya yozadi AQShning “Newsweek” jurnali, saylovchilarning qariyb 70 foizi Musaviy yoki boshqa nomzodga ovoz berishini aytgan.

Musaviy g’alabani qo’lga kiritgan taqdirda ham amaldagi rejim yoki Eron tashqi siyosati jiddiy o’zgarishiga ishonch past, chunki yakuniy qarorlar mamlakat oliy rahbari Oyatulla Ali Hominiy qo’lida.

XS
SM
MD
LG