Breaking News

Eron ilm ahli rahbariyatdan ta'qiblarni bas qilishni so'ramoqda


Eronda 88 nafar professor muxolifatchi namoyishchilarga qarshi ta'qiblarni bas qilishni so'rab, mamlakat oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomeneiy nomiga bitilgan maktubga imzo chekkan.

Eron universitetlarida talabalar vaziyatdan bezovtalanar ekan, professorlar ahvol yanada yomonlashmasidan oldin mamlakat rahbariyatiga murojaat etgan. So'nggi kunlarda xavfsizlik kuchlari yotoqxonalarga bostirib kirib, ko'plab talabalarni hibsga olgan, ba'zilari oliygohlardan haydalgan.

Poytaxt Tehrondagi nufuzli Amir Kabir universitetida talabalar hukumat harakatlariga qarshi namoyish qilib, imtihon topshirishdan ommaviy tarzda bosh tortgan.

Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti vakili Rizo Moiniyning aytishicha, professorlarning Xomeneiyga bitgan maktubida talabalarga nisbatan zo'ravonliklarni bas qilish so'raladi.

"Bu maktub juda muhimdir, chunki talabalar o'qishdan bosh tortmoqda. Domlalar Xomeneiydan zo'ravonliklar uning nomidan qilinayotganiga munosabatini bilmoqchi", - deydi mutaxassis.

Muxolifat rahbari Mir Husayn Musaviyning Internetdagi sahifasida xorijda yashayotgan ko'zga ko'ringan besh nafar eronlik ziyoliy ham rasmiy Tehrondan siyosiy mahbuslarni ozod etib, so'z erkinligiga yo'l ochishni, namoyishlarga sabab bo'lgan iyul oyidagi prezident saylovlari natijalarini bekor qilishni, barcha siyosiy harakatlarni ro'yxatdan o'tkazishni va zo'ravonlikka qo'l urganlarni sud qilishni so'ragan.

Biroq Eron hukumati namoyishlar ortida xorijiy kuchlar turibdi deyishdan toymayapti.

Xavfsizlik vaziri Haydar Moslehiyning aytishicha, bir necha ajnabiy agent hattoki qo'lga tushgan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Eronda qatag'onlar kuchayapti va bu tashvishga molik deydi.

Bugun ma'lum bo'lishicha, hukumat fuqarolarining 60 ga yaqin tashkilot bilan muloqot qilishini man qilgan. Jumladan, Amerika ovozi va Bi-Bi-Si axborot agentliklari bilan.

XS
SM
MD
LG