Breaking News

Barak Obama Erondagi vaziyatdan tashvishda


AQSh prezidenti Barak Obama Erondagi vaziyatdan xavotirda ekanini bildirib, namoyishlar paytida qon to'kilishlariga yo'l qo'ymaslik kerak deydi. Eron xalqi o'z rahbarlarini o'zi saylashi lozim va saylov jarayonida yo'l qo'yilgan qonunbuzarliklarni taftish etish zarur, deydi u.

Eron xalqi ovozi hisobga olinganini bilishga haqli. Qonun buzilgan bo'lsa, uni ortiqcha zo'ravonliksiz taftish qilish lozim, deydi Obama.

"Demokratik jarayon, so'z erkinligi, odamlarning tinch uyushishi - bularning barchasi umumbashariy qadriyatlar bo'lib, ularni hurmat etish kerak," deydi AQSh prezidenti.

Erondagi saylovlarga xolisona baho berish uchun saylovlar haqida yetarlicha ma'lumot yo'q, deydi Obama.

"U yerda kuzatuvchilarimiz bo'lmagan. Shuning uchun saylovlar qanday o'tganini aniq bilmayman. Ammo Eronda saylovlardan umidvor bo'lib, demokratik o'zgarishlarni kutgan, ammo o'zini aldangan deb his qilganlar borligidan xabarim bor," deydi Obama.

Saylov natijalari qanday bo'lishidan, hokimiyat tepasiga kim kelishidan qat'iy nazar Qo'shma Shtatlar Eron bilan muloqotga kirishishga harakat qiladi, deydi u.

"Faol diplomatik harakatlar yordamida Eron bilan AQSh xavfsizlik manfaatlariga javob beruvchi muzokaralarga tayyormiz," deydi Barak Obama.

Eron davlat matbuotiga ko'ra, juma kungi prezident saylovlarida munozaraga sabab bo'lgan ovozlar qayta sanaladi. Ammo amaldagi prezident Mahmud Ahmadinejod raqibi Mir Husayn Musaviy saylov natijalarini butunlay bekor qilishni talab qilmoqda. Poytaxt Tehronda har ikki nomzod tarafdorlari bugun namoyishga chiqqan. Chiqishlar kecha ham bo'lgan. O'n minglab odamlar ko'chaga chiqqan. Tartibsizliklarda 7 nafar kishining nobud bo'lgani aytilmoqda.

Hukumat namoyishlarni taqiqlaganiga qaramay kecha Tehronda bir necha o'n ming kishi to'plangan. Muxolifatdan nomzod Mir Husayn Musaviy ularga murojaat etib, saylovlar soxtalashtirilgan degan.

"Xalq o'z huquq va ovozlarini himoya qilyapti," deydi Musaviy.

Uning tarafdorlari prezident Mahmud Ahmadinejodni tanqid qildi.

"Biz Musaviyga ovoz berganmiz, ammo ovozlarimizni o'g'irlashdi," deydi ulardan biri. "Bu - yangi inqilobning boshlanishi" deydi boshqasi.

Eron diniy rahbarlari saylov jarayoni taftish qilinib, munozaraga sabab ovozlar qayta hisoblanadi deydi. Ammo Musaviy talab qilganidek, saylovlar butunlay bekor qilinmaydi.

XS
SM
MD
LG