Breaking News

AQSh Erondagi saylovga baho berishga shoshmayapti


AQSh hukumati Erondagi prezident saylovlariga munosabat bildirishga shoshmayapti. Amaldagi prezident Mahmud Ahmadinejod g'olib deb e'lon qilingan, ammo raqibi Mir Husayn Musaviy tarafdorlari saylovlar natijalarini tan olmasdan poytaxt Tehron ko'chalarida ko'pminglik namoyishga chiqqan. Eron oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Homeneiy muxolifatdan tushgan shikoyatlar asosida taftish qilishga ko'rsatma bergan.

AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenning aytishicha, AQSh Erondagi saylovlar xususida qanday munosabat bildirishni bilmaydi.

"Bizda saylovlar bo'yicha aniq ma'lumot yo'q. Ovozlarning hammasi hisobga olinganmi, xolis o'tganmi, buni bilmaymiz, shuning uchun xulosa chiqarishga ham erta," deydi Bayden.

Hozircha rasmiy saylov natijalarini qabul qilamiz, ammo sinchkov tahlildan so'ng yakuniy baho beriladi, deydi AQSh vitse-prezidenti.

"Saylov natijalaridan norozi haloyiqqa nisbatan kuch ishlatilishi, so'z erkinligining bo'g'ilishi ovozlar soxtalashtirilgan degan xulosaga yetaklashi mumkin albatta, ammo hozircha aniq bir narsa deyish qiyin," deydi Bayden.

Respublikachilar aksincha Obamani Eronga nisbatan yumshoq siyosatda ayblab, saylov natijalarini tanqid qilmoqda.

Massachussets shtati sobiq gubernatori Mit Romni saylov natijalari soxtalashtirilgan demoqda.

Eronda ikkinchi muddatga saylangan Mahmud Ahmadinejod tarafdorlari uning g'alabasini nishonlamoqda. Muxolifat tarafdorlari esa ko'chalarda norozilik namoyishi o'tkazgach, 170 ga yaqin kishi hibsga olingan. Islohotchi peshvo hisoblanmish oliy Oyatullo Yusuf Sanoiy Ahmadinejod prezident emas va uning hukumati bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi deya fatvo chiqargan. Musaviy tarafdorlari Internetda saylov natijalarini qoralamoqda. Poytaxt Tehronda uyali aloqa xizmati to'xtatilgan, Internetga kirishga to'siqlar qo'yilgan.

1981 yili hokimiyatdan ag'darilgan sobiq prezident Abulhasan Bani Sadr ham saylovlarni soxta deb atagan.

"Xalq bunday adolatsizlikka chidab turolmadi va ko'chaga chiqdi. Oliy diniy rahnamo Oyatullo Ali Homeneiy Ahmadinejodning qayta saylanishini istagan. Xalq bu peshvoni ag'darishi kerak," deydi sobiq prezident.

XS
SM
MD
LG