Breaking News

Eronda muxolifat harakati so'nmagan


Eronda prezidentlikka muxolifatdan nomzod bo'lgan Mir Husayn Musaviyning aytishicha, undan saylov natijalari bo'yicha e'tirozini qaytib olish talab qilinmoqda. "Tarafdorlarim bilan aloqa qilishim cheklanmoqda," deyiladi Internetdagi sahifasida. Musaviyga kora, kecha universitet professorlari bilan uchrashuvidan so'ng 70 ga yaqini hibsga olingan.

Vashingtondagi tahlilchi va siyosatchilar nazarida Eron hukumati namoyishchilarni kuch bilan bostirayotganiga qaramay muxolifat harakati hali-beri so'ngani yo'q.

Senat Tashqi aloqalari qo'mitasi raisi Jon Kerri prezident Obamaning Erondagi vaziyatga nisbatan munosabatini olqishlagan.

Boshqa respublikachi va demokrat qonunchilar nazarida esa Obama Tehrondagi namoyishlarning bostirilishiga keskinroq munosabat bildirishi zarur. AQSh prezidenti o'z navbatida Eronga uni tanqid qilishga bahona yaratmoqchi emasligini aytadi.

Vashingtondagi Karnegi Jamg'armasi tahlilchisi Karim Sajadpur Obama pozitsiyasini qo'llab-quvvatlaydi. U bilan muloqotda bo'lgan Eron muxolifatchilari Obamaning keskinroq siyosat yuritishini istamasligini bildirgan.

"Eron muxolifati o'zidagi vaziyatni bizdan yaxshiroq biladi. Ular AQShdan ehtiyotkorona siyosat yuritishni, muxolifat va hukumat o'rtasiga tushmaslikni so'raydi," deydi Sajadpur.

Uning fikricha Yaponiya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlar Eron hukumatining repressiv siyosatini qoralab, namoyishchilarga xayrixohlik bildirishi kerak.

Yaqin Sharq siyosati bo'yicha institut tahlilchisi Maykl Singx esa aksincha rasmiy Vashington Eron muxolifatini qo'llab-quvvatlasin, o'zga chora yo'q deydi.

Mutaxassislar bir ovozdan Eron hukumati inqirozga yuz tutmoqda deydi.

Karim Sajadpur fikricha muxolifat yangi bosqichga ko'tarildi.

"Ular savdogarlar, bozor ahli, neft sanoati xizmatchilari, kasaba uyushmalarni ish tashlashga chaqirib, to'g'ri qilmoqda," deydi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG