Breaking News

Eron uzoq masofali raketani sinovdan o'tkazdi


Eron matbuotiga ko'ra, bugun uzoq masofali raketa muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazilgan. "Shahob-3" raketasi 2000 kilometrgacha ucha oladi, ya'ni Isroil, arab davlatlari va Yevropa janubini nishonga olishga qodir. Ba'zi g'arb tahlilchilariga ko'ra, "Shahob-3"ga atom bombasini o'rnatish mumkin. Sinov harbiy mashqlar doirasida amalga oshirilgan.

AQShning respublikachi senatori Kit Bondning aytishicha, sinov Eronga gap o'tmasligini ko'rsatib turibdi.

"Diplomatiya, shartnomalar, inspektorlar ish beradi deb o'ylaganlar Eron o'z ahdidan qaytmasligiga endi ishonch hosil qildi degan umiddaman," deydi senator.

Payshanba kuni Jenevada Eron va uning yadro dasturiga doir muzokaralarda qatnashayotgan davlatlar uchrashadi. Qo'shma Shtatlar Tehronga bosimni kuchaytirmoqchi.

"Eron atom dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini isbotlashi lozim," deydi AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton.

"Ularda buni isbotlovchi dalil yo'q deb o'ylayman. 1 oktyabr Eron uchun o'ziga yarasha sinov bo'ladi," deydi u.

Klintonga ko'ra, Tehron anchadan beri ikkinchi atom zavodi qurayotganini yashirib, maqsadlari o'zgacha ekanini namoyish etgan.

"Quruq gapning o'zi bo'lmaydi. Xalqaro hamjamiyatga isbot va dalillar kerak," deydi u.

Klintonning aytishicha, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zolari va Germaniya Eronga qo'yilgan sanksiyalarni kuchaytirish yo'llarini muhokama qilmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts diplomatik harakatlar ish bermasa, harbiy chora ko'rilishi haqidagi gaplarni inkor etib, sanksiyalarni kuchaytirgan ma'qul deydi.

"Eronning iqtisodiy ahvoli og'ir. Iqtisodiy choralar ularni hamkorlik qilishga majburlaydi degan umiddaman," deydi Geyts.

XS
SM
MD
LG