Breaking News

Obama terrorga qarshi kurashni susaytirmaslikka chaqirmoqda


Bugun prezident Barak Obama Vashingtonda xavfsizlikka doir ma'ruza qildi. Uning aytishicha, terrorga qarshi urush tugamagan. Qo'shma Shtatlar barcha choralarni, butun qudratini al Qoida va unga xayrixoh guruhlarni mag'lub qilishga qaratishi lozim, deydi prezident.

Barak Obama oldingi hukumat tomonidan qator xatolarga yo'l qo'yilganini ta'kidlab, siyosatni to'g'irlash kerak, terrorga qarshi kurashda fuqarolik erkinliklari, inson qadrini unutmaslik lozim deydi.

Obamaning aytishicha, terrorizmda gumon qilinayotgan mahbuslarni so'roqqa tutishda keskin usullarga chek qo'yildi. Guantanamo qamoqxonasini yopishga qaror qilindi.

"Qamoqxonaning ochilishi mamlakatimizni xavfsizroq qilmadi, aksincha uni zaiflashtirdi. Dushmanlarimizni ruhlantirib, ittifoqchilarimizni bizdan uzoqlashtirdi. Guantanamodagi mahbuslarning ishi qayta ko'rib chiqiladi," deydi Obama.

Prezident qamoqxonada saqlanayotgan uyg'ur mahbuslarini ham tilga olib, ba'zi mahbuslar begunoh, ammo adliya tizimidagi tortishuvlar tufayli haligacha ozodlikka chiqmagan deydi.

Uning aytishicha, bundaylar 50 kishini tashkil etadi va ayni damda ularni uchinchi davlatga ko'chirish to'g'risida mamlakatlar bilan muloqot ketmoqda.

Prezidentga ko'ra, mahbuslar orasida AQSh xavfsizligiga tahdid deb ko'rilayotganlar ham bor.

"Bunday mahbuslar ozod etilmaydi," deydi Obama.

AQSh Senati Guantanamodagi mahbuslarni Amerika ichidagi qamoqxonaga ko'chirishga qaratilgan qonun loyihasiga qarshi ovoz berib, Obama ma'muriyati tomonidan Guantanamo qamoqxonasini yopish uchun so'ralgan pulni ajratishga shoshilmayapti.

Senatda Obamaning partiyadoshlari ko'pchilikni tashkil etsada, prezident iltimosi qondirilmagan. 90 senator qarshi ovoz bergan.

Obama yanvar oyida prezidentlikka qasamyod keltirgach, Guantanamo qamoqxonasini bir yil ichida yopishga so'z bergan edi. Aksariyat qonunchilar ham shuning tarafdori, biroq u yerda saqlanayotgan 240 mahbusning bo'lajak taqdiri bo'yicha aniq reja bo'lmas ekan, qamoqxonaning yopilishini qo'llab-quvvatlamaymiz, deydi ular.

Guantanamodagi mahbuslar terrorizmda gumon qilinmoqda. Ba'zilarining aybsiz ekani allaqachon isbotlangan bo'lsada, Qo'shma Shtatlar ularni qay mamlakatga ko'chirishni bilmay sarson. Mahbuslar o'z mamlakatiga qaytarilsa, yana qamalib qiynoqlarga solinishi mumkin. Amerika esa ularni qabul qilmoqchi emas. Qonunchilarga ko'ra, bu mamlakatda terror xavfi ehtimolini oshiradi.

"Senatda muxolifatdagi respublikachilar fraksiyasi rahbari Mitch Makkonnelning aytishicha, o'tmishda ozod etilgan mahbuslar yana terrorchilar safiga qo'shilgan. Buning oldini olish lozim," deydi senator.

Federal Qidiruv Byurosi direktori Robert Myuller ham bu borada xavotir bildirgan.

Barak Obama qamoqxonani avvalambor AQShning xorijdagi obro'sini tiklash maqsadida yopmoqchi. 2004 yilda matbuotga tushgan fotosuratlarda mahbuslarning xo'rlangani aks ettirilgan. Saylov kampaniyasi davrida Obama Guantanamoni yopishga ahd qilgan edi. Ammo, deydi Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbs, prezident Amerika xalqini ham xavf ostiga qo'ymoqchi emas.

"Prezident qamoqxona borasida qaror qabul qilishda birincha navbatda mana shu omilni inobatga oladi," deydi Gibbs.

Ba'zi respublikachilar Guantanamoda mahbuslarga nisbatan qo'pol muomalaga chek qo'yilgan deb, uni yopmaslikka chaqirmoqda. Federal sudning kecha chiqargan qaroriga ko'ra, u yerdagi ayrim mahbuslar rasmiy ayblovsiz cheksiz muddatda ushlab turilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG