Ro'za oyi boshlanar ekan, AQSh prezidenti Barak Obama dunyo musulmonlarini bu muqaddas ayyom bilan qutlab, "Ramazoni karim" - Ramazon muborak demoqda.
Prezident fikricha Ramazon oyi insoniyatga bir-biriga nisbatan mehr-oqibatli bo'lishni, e'tiqoddan quvvat olishni o'rgatib, xudo oldida hamma teng banda ekanini eslatadi.
Bu oy, deydi Barak Obama, musulmonlar ro'za tutib, kun botayotganida hammaga dasturxon yozib, bag'rikenglik va hamjihatlikni targ'ib qiladi. Ramazon imkoniyatlar yaratish va farovonlikka intilish davri hamdir, deydi prezident o'z tabrigida.
"Dunyoni o'zgartirishni istasak, shuni unutmasligimiz kerakki, o'zgarish avvalo o'z qalbimiz va o'zimiz yashayotgan jamiyatdan boshlanadi",- deydi u.
Prezident ta'biricha, islom iymon, adolat, taraqqiyot, tolerantlik, tenglik va har bir insonni qadrlash demakdir.
"Qo'shma Shtatlarda, Ramazon shuni eslatadiki, islom hamisha bu mamlakatning bir qismi bo'lib kelgan. Musulmonlar davlatimiz ravnaqi uchun behisob hissa qo'shgan",- deydi Obama.
Shu hafta Oq Uyda iftor dasturxoni yozilib, musulmon yetakchilar, chet el diplomatlari va boshqa nufuzlik arboblar taklif etiladi.