Amerikada yetti million atrofida musulmon bor. Aholining, juda borsa, ikki foizi. Lekin islom dini mamlakatning ko’plab burchaklarida, ayniqsa muhojirlar ko’p yashaydigan nuqtalarida turmushning ajralmas qismiga aylanib bo’lgan.Masjidu markazlardan tortib, islomiy madaniyat maskanlarigacha.
Shunga qaramay, deya kuyunadi professor Akbar Ahmad, ko’pchilik amerikaliklar bu dinga hamon tahdid manbai sifatida qaraydi.
Sobiq diplomat va nufuzli akademik o’z shogirdlari bilan AQShning 75 shahrida bo’lib, vaziyatni o’rgangan. Ushbu izlanish tafsilotlari “Amerika bo’ylab sayohat” (Journey into America) degan hujjatli filmda o’z aksini topdi.
Unda ayrim amerikaliklardan quyidagicha fikrlarni eshitasiz:
“Musulmonlar yoqmaydi bizga… Ular bizning Isoga sig’inmaydi”.
"Ularning kitobi “o’ldir” deydi".
Yana kimdir "Musulmonlar yurtimizni egallab olib, shariatga asoslagan tuzum barpo etishni istaydi",- deydi.
Akbar Ahmad, aslida pokistonlik, hozirda Vashingtondagi Amerika Universitetida dars beradi. Niyati bu mamlakat musulmonlarini birlashtirish. Yuqoridagi fikrlarga qarshi kurashishning bir yo'li musulmonlar orasida faollikni kuchaytirish, deydi u.
“Biz dardimizni ochiq aytishimiz, bu jamiyatdan yotsiramay, uning boshqa a’zolari bilan muloqot boshlashimiz kerak”,- deydi u.
Professor Akbar Ahmad nazarida Amerikaning katta qismi islom nima ekanini bilmaydi, umuman bexabar.
“Biz bilan gaplashganlarning aksariyati Qur’onni zo’ravonlikni targ’ib qiluvchi kitob deb biladi. Islom ayollarni xo’rlaydi deydi”.
Hujjatli filmda esa muslimalar qanchalik faol ekanini ko’rasiz. Ziyoli, kasb-hunarli, o’z fikr-qarashlariga ega. Farmatsevt, pediatr, shifokor, dallol, hisobchi, advokat ayollar bilan tanishasiz.
Bir din vakillarini bir qolipda ko’rish hech kimning manfaati uchun xizmat qilmaydi, deydi Xeyli Xolt ismli talaba qiz. U musulmonlar kam bir shaharda hijob kiyib, omma munosabatini sinab ko’rdi.
“Bir restoranga kirganimda, hamma o’girilib qaradi. Og’zilari ochilib, ajablanib o’tirishganini ko’rdim. Lekin bir daqiqa o’tar o’tmay yana dasturxonga qaytishdi. Odamlar o’z yumushlari bilan band”,- deydi u.
Musulmonlar ko’payar ekan, islomni bilmagan odamlar endi bu e’tiqod haqida ko’proq eshitayapti, bilayapti.
“Jamoatchilik ko’rayaptiki, islom Amerika hayotining bir qismiga aylanib bormoqda. Uni rad eta olishmaydi. Bu din madaniyatimiz bilan qorishmoqda”,- deydi Xeyli.
Virjiniya shtatidagi Arlington qabristonida vatan uchun jonini bergan insonlar dafn etilgan. Ular orasida yuzlab musulmonlarni topasiz. Ular Amerikani ona yurt deb bilgan, uning tinchligi uchun kurashgan.
Michigan shtatining Diyerborn shahri - arab musulmon maskani hisoblanadi. AQShdagi eng qadimiy masjid esa Ayova shtatida, shia musulmonlar markazi esa Nyu-Yorkda.
Hujjatli film sizni Amerikada o’z orzusiga erishgan musulmonlar bilan tanishtiradi. Masalan Munir Chodiriy, 1971 yilda bu davlatga bor-yo’g’i 100 dollar bilan kelib, bugun Chikagoda katta kompaniya egasi. Yirik tadbirkor.
“Ishchilar harakat qilsa, istagan lavozimiga ko’tarila oladi. Qay sohada bo’lishidan qat’iy nazar. Kompaniyamda minglab insonlar mehnat qiladi”,- deydi Chodiriy.
Akbar Ahmad fikricha, Amerika yaralibdiki, uning darvozalari har bir din vakiliga ochiq.
“Virjiniya Universitetida Tomas Jefferson, bu davlat asoschilaridan birining haykali bor. Uning qo’lidagi yozuvda esa “1786-yil, e’tiqod erkinligi: Xudo, Yahva, Braxma va Olloh” deb yozilgan. Jefferson Qur’onni mutolaa qilgan”,- deya tushuntiradi akademik.
Nyu-Yorkdagi “Ozodlik” haykali azaldan Amerika darvozasi, uning timsoli. Bu zaminga kelgan har bir inson olqishlanib, muhojirlar uning ravnaqi uchun o’z hissasini qo’shishi, uning bir bo’lagiga aylanishi lozim, deydi Akbar Ahmad.