Breaking News

Ilm ahli Obamani musulmon dunyosida izchil siyosatga chaqirmoqda


Jahonning 140 dan ziyod olimlari prezident Obamani arab va musulmon dunyosida demokratiyani olg'a surishga qaratilgan izchil va aniq siyosat yuritishga chaqirmoqda. Guruh mintaqada qanday siyosat olib borilishi haqida o'z tavsiyalarini tayyorlab, ochiq xat shaklida chop etgan.

Guruhning aytishicha, Yaqin Sharq xalqlari kengroq erkinlikka intiladi va uning uchun kurashishga tayyor ekanini ko'p bor isbotlagan.

Nufuzli olimlardan iborat guruh prezident Obamadan Bush ma'muriyati davrida qo'llangan davlat to'ntarishi amaliyotidan voz kechishni va mintaqadagi demokratik jarayonlarni qabul qilishni so'raydi, garchi buning oqibatida Xamas singari islomiy guruhlar hokimiyat tepasiga kelsa ham.

Radvan Masmudi Islom va demokratiyani o'rganish markazi prezidenti. Barak Obamaga ochiq xat yozish taklifi muallifi. Uning aytishicha, Iroqni istilo qilish Amerikaning katta xatosi bo'lgan.

"Yana bir xato shu bo'lganki," deydi u, "Misr, Falastin, Livan va Marokashdagi saylovlarda islomiy partiyalar g'alaba qozongach, Qo'shma Shtatlar bu demokratiya nishonasi ekanini tan olishdan bosh tortib, vahimaga tushgan. Demokratiya sabr-toqatli bo'lishni taqozo etadigan jarayon. Uni o'z holiga qo'yish kerak," deydi Masmudi.

Uning aytishicha, AQSh zo'ravonliklarni qoralovchi va demokratik tamoyillarga amal qiluvchi mo'tadil islomiy guruhlarga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqishi zarur.

Prezident Husni Muborakni tanqid qilgani uchun bir necha yil qamoqda o'tkazgan misrlik islohotchi professor Saad Eddin Ibrohimga ko'ra, AQSh manfaatlarini diktatorlar emas, musulmon xalqi, arab xalqi bilan hamkorlikdagina himoya qilish mumkin, chunki diktatorlar bilan ittifoqda bo'lish o'rta va uzoq muddatda salbiy natijalarga olib keladi xolos.

Misr hukumati parlamentdagi eng yirik muxolif guruh - Musulmon birodarlar partiyasini ta'qib qilib kelgan, a'zolarini qamoqqa tashlagan. Guruh ko'p yillardan beri zo'ravonlikka qo'l urmagan bo'lsada. Biroq rasmiy Vashington o'zining mintaqadagi eng yirik ittifoqchisi, Misr hukumatini tanqid qilishdan o'zini tiygan.

Ibrohimning aytishicha, Turkiya, Indoneziya va Marokash kabi davlatlarda islomiy partiyalarga saylovlarda qatnashishga ruxsat berilgach, ular mo'tadil bo'lishga va demokratik normalarga rioya qilishga majbur bo'lib qolgan.

Obamaga xat yozgan guruh uning inauguratsiya nutqida musulmon dunyosiga qarata o'zaro hurmat haqida aytgan so'zlarini olqishlaydi.

Kaliforniya shtatidagi nufuzli Stenford universitetida Demokratiya va qonun ustuvorligi markazi rahbari Larri Daymond prezident Obama endi so'zlarini amalda isbotlashi zarur deydi.

"Oxir-oqibatda arab xalqlari davlat departamenti, davlat kotibi yoki prezidentning gapidan ko'ra, ishimizga qarab baho beradi," deydi Daymond.

Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi xodimi Mishel Dannning aytishicha, Qo'shma Shtatlarda demokratiyani ilgari surish uchun yetarlicha vositalar bor.

"Boshqa davlatlar fuqarolari hayotini yaxshilash yo'lida AQSh xususiy diplomatiya, yordam dasturlari, rasmiy bayonotlarni ishga solishi mumkin."

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Robert Vudga ko'ra, Yaqin Sharq bo'yicha umumiy siyosat qayta ko'rib chiqilmoqda va AQSh mintaqada demokratiyani olg'a surish rejasidan qaytmagan.

Obamaga ochiq xat tayyorlagan guruhning aytishicha, agar Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharq va musulmon dunyosi xalqlariga inson huquqlari, fuqarolik va siyosiy huquqlarni qo'lga kiritishda yordam bersa, tarixda yaxshi iz qoldirgan bo'ladi.

XS
SM
MD
LG