Fransiya Qozog'iston hududi orqali Afg'onistondagi qurolli kuchlarga yuk olib o'tadi.
Bugun ikki davlat tashqi ishlar vazirlari, Ostonada prezidentlar Nursulton Nazarboyev va Nikolya Sarkozi guvohligida, bu borada shartnoma imzolagan.
Amerika bilan shunday bitimlar amalda. Afg'onistondagi xalqaro koalitsiya uchun noharbiy tranzit Rossiya, O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston orqali ham o'tmoqda.
Nikolya Sarkozi fikricha Qozog'iston jadal rivojlanayotgan mamlakat va uning aytishicha, Fransiya bu davlat bilan serqirra hamkorlikka tayyor.
Fransiya va Qozog'iston orasida jami 6 milliard dollarga teng biznes kelishuvlariga ham erishilgan. Fransuz firmalari endi "Kazmunaigaz"ning chorak qismiga egalik qiladi.
Shuningdek, Qashag'an neft buloqlarini Kaspiy dengiziga ulovchi quvurlar qurilishida ham Fransiya bunyodkorlari muhim rol o'ynay boshlaydi.
Ostonada tramvay yo'li qurilishi va Qozog'iston armiyasini zarur jihozlar bilan ta'minlashda ham Fransiya katta yordam taklif etgan.
Qozog'iston 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qiladi. Huquq va erkinlikni targ'ib qiluvchi bu uyushma a'zolari nazarida Qozog'iston demokratiya borasida bergan va'dalarini bajara olmagan. AQSh va Yevropa Ittifoqi nigohida bu davlatda so'z erkinligi ta'minlanmagan, muxolifat ta'qib ostida va tizim oshkora faoliyat yuritmaydi.
Bugun Nazarboyev bilan muloqotda Sarkozi unga bu borada tashvish bildirgan, ammo Ostonaga aql o'rgatish uchun kelmaganini aytgan.