2008 yil yoshlar hayotida yutuqlardan ko'ra muammolar bilan yodda qolishi mumkin
O`zbekiston prezidenti Islom Karimov qator yutuqlarga erishilgani, ta`lim-tarbiya bilan bog`liq islohotlar amalga oshirilganini ta`kidlaydi.
Har yili 500 ming kishi maktabni bitiradi. 60 ming nafari oliy o`quv yurtiga kiradi. Yana shunchasi mutaxassis sifatida yetishib chiqadi.
Biroq bu raqamlardan tashqarida qolayotgan yoshlar taqdiri, ular hayoti haqida aniq ma`lumot keltirish juda qiyin. Yoshlar imkoniyatlar uchun sharoit yaratish, qonunchilikka o`zgartirishlar kiritish zarurati haqida gapirmoqda.
“Muammolar juda ko`p. Men xursand bo`lganim, davlat darajasida shu narsaga e`tibor qaratildi. Lekin bajarishga kelganda yanada ko`proq ishlar qilinishi kerak edi. Faqat konsert yoki tadbir o`tkazish emas, Yoshlar yilida aynan ishsizlarni ish bilan ta’minlash kerak edi. Ish bilan ta`minlangan yoshlar jamiyatda faol bo`lishi mumkin”, - deydi “Faol” nodavlat tashkiloti rahbari Qobil Xidirov.
Yoshlar O’zbekiston aholisining 64 foizini tashkil etadi. Bu 90-yillar bilan solishtirganda ko`proq.
Katta avlod vakillari hozirgi yoshlar bir qadar sayoz, befarq, deydi.
“Bizning davrimizda yoshlar orasida o`zini anglashga harakat kuchli edi. Cho`lpon, Fitrat kabi taqiqlangan yozuvchilar asarlarini topib, o`qishga harakat qilar edik. “Kishan kiyma, bo`yin egma, ki sen ham hur tug`ilg’onsen” degan Cho’lponning satrlarini yotoqxonada shior sifatida ilib qo'ygan edik.
Hozir ko`chalarda o`zbek tilidan ko`ra boshqa tillardagi yozuvlar ko`paygan. Rus tili avvalgidan ko`proq ishlatilmoqda. Bir tomondan Yevropa kirib kelmoqda. Ajnabiy nomlar juda ko`payib ketgan. Nomlar bizda istagancha topiladi, ko`plar buni zamonaviylikka yo`yadi. Yo`q, bu zamonaviylik emas, o`qimaganlik, kitobdan uzoqlashish. Yoshlarning o`rni jamiyatda hech ham ko`rinmaydi”, - deydi ilmiy ish qilayotgan mutaxassis.
Qobil Xidirov fikriga ko`ra, bugungi yoshlar yashayotgan davr 90-yillardan farq qiladi.
“90-yillardagi matbuotni varaqlaganimizda mustaqillik, jamiyatdagi o`zgarish, til bo`yicha talablar ortida yoshlar turgan. Bu haqiqat. Bugungi kundagi vaziyatga kelsak, jamiyatda yoshlar o`z pozitsiyasini egallashi uchun ularni qo`llab-quvvatlash kerak. Partiyalar yoshlarni qo`llab-quvvatlashi kerak. Ikkinchidan, jamiyat ochiq bo`lishi kerak”, - deydi Qobil Xidirov.
Mamlakat aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etsa, respublikada mavjud 5 ming nodavlat tashkilotidan 5 foizigina yoshlar muammosi bilan shug`ullanadi.
Nodavlat tashkilot vakillaridan biriga ko`ra, bugun yoshlar faoliyati bilan shug’ullanish ko`proq konsertlar, turli musiqiy, madaniy tadbirlar uyushtirishdan nariga o’tmaydi. Bu tadbirlar, asosan, maktab o’quvchilari, talabalarni qamrashi mumkin. Biroq respublika yoshlaridan aksariyatining taqdiri hukumat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmoqda.
O`zbekiston prezidenti Islom Karimov amalga oshirilgan islohotlar haqida gapirar ekan, Yoshlar yili umummilliy harakat miqyosiga ko`tarilganini, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari tomonidan aniq rejalar bajarilganini ta`kidladi. Prezident ko’proq o’quvchi-talabalarga qaratilgan tadbirlarni ta`kidladi deyish mumkin.
“Ushbu qarorlar qatorida 2009-2014 yillarga mo`ljallangan bolalar musiqa va san`at maktablari moddiy bazasini rivojlantirishga, yangi muassasalarni qurish bo`yicha davlat dasturi hamda iqtidorli yoshlarni moddiy rag`batlantirishga qaratilgan hukumat qarorlari qabul qilinganini alohida ta`kidlash lozim”, - deydi Islom Karimov konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan chiqishida.
Gulnora Karimovaning jamg'armasi haqida yoshlar ochiq gapirishdan hayiqadi
Bugun yoshlar faoliyati bilan shug’ullanuvchi asosiy nodavlat tashkilot O`zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova yetakchilik qilgan Madaniyat va san`at forumi jamg`armasi hisoblanadi.
Forum turli konsert dasturlari, musiqiy tanlovlar, madaniy ko`rgazmalar o'tkazish bilan tanilgan. Tashkilot faoliyati haqida turli qarashlar mavjud, biroq yoshlar o`z fikrini ochiq aytishdan hayiqadi.
Gulnora Karimova turli matbuot nashrlari, axborot vositalarini tashkil etish bilan ham mashg’ul, biroq bu nashrlarda yoshlar muammosi yortilmaydi hisob.
“Bu forumning asosiy maqsadlaridan biri yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash. Ikkinchidan, bayramlar tashkil etish. Shu bilan cheklanib qolyapti”, - deydi yoshlardan biri.
Prezident Islom Karimov ta’biricha, mamlakatda savodxonlik darajasi 100 foiz.
“Shunaqa davlatlar borki, savodsizlik 60 foizgacha, yani zo'rg'a imzo chekadi. Shularga qaraganda, 99 desam noto`g`ri bo`ladi, 100 foiz xalqimiz savodli”, - dedi prezident.
Sharhlovchilarning aytishicha, mamlakatda savodxonlik darajasi avvaldan yuqori bo`lgan. Mustaqillik yillarida ta`lim sohasida amalga oshirilgan islohotlarga qaramasdan, ta`lim sifati keskin pasayib ketgan. Korrupsiya ta’lim tizimidagi doimiy illatga aylangan.
Boshi oltindan bo'lsa ham, hozir bola pulsiz o'qishga kira olmaydi
“Hozir kimda pul bo`lsa, shu o’qiyapti. O’qiyman deganlar kirolmayapti. Puli borlarga esa o’qishning uncha keragi yo`q. Pulini berib, imtihon olishi mumkin. Asosiy masala - axborot olish chatoq. Hozir hammaning qo`lida tasvir-pasvir degan gazetalar yuradi. Bizning davrimizda kutubxonalarga borib, haydab chiqarmaguncha chiqmas edik. Buning uchun ijtimoiy sharoit bo`lishi kerak. Hozir berilayotgan maoshga adabiyot ham olib bo’lmaydi. Pulsiz odam boshi oltindan bo`lsa ham o’qiy olmaydi”, - deydi ilmiy darajasi bor mutaxassis.
Suhbatdoshimizdan biriga ko`ra, uning jiyani 2008 yilda maktabni a`lo baholar bilan bitirgan, biroq oliy o`quv yurtiga kira olmagan. Natijada ish qidirib Rossiyaga ketishga majbur bo`lgan.
Minglab yoshlarning qismati shu, faqat bugun ular yana ishsizlik tufayli yurtga qaytib kelmoqda.
2009 yilda ijtimoiy vaziyat taranglashadi degan taxminlar bor.
Suhbatdoshimizga ko’ra, mamlakatda 15 milliondan oshiq yoshlarning oz qismi oliy o’quv yurtlarida tahsilni davom ettiradi. Aksariyat o’zbek yoshlari dunyo bo`ylab eng arzon ishchi kuchi sifatida tanilgan. Vaholanki, 90 foiz iste’mol tovarlari asosan Xitoydan.
“Agar jamiyatda yoshlarga o`rin berilsa, nahotki, nina chiqaradigan kichkina bir korxona qurish shunchalik qiyin? Buni qo’shnilarga ham chiqarish mumkin-ku. Xo’jalik uchun muhim istalgan bir arzimagan narsani qarang, Xitoyda ishlab chiqarilgan deb yozib qo`yibdi”, - deydi u.
Qobil Xidirovning aytishicha, ishsizlik masalasini faqat davlatning o`zi hal etishi qiyin. Muammoni bartaraf etishda yoshlarga ko’proq imkoniyat berilishi kerak. Jumladan, bundan 18 yil avval yoshlar haqida qabul qilingan qonunga o`zgartirish kiritilishi, davlatning yoshlar oldidagi vazifasi, bunga kimlar javobgarligi aniq qilib belgilanishi kerak.
“Faqat “Kamolot” ga tayanmasdan, yoshlarning ijtimoiy muammosi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar ko’payishi, qo`llab- quvvatlanishi zarur. Hozirgi yoshlar befarq deyishadi. Shunday bo`lishi ham mumkin, lekin aslida ularni eshitadigan tomon yo`q. “Kamolot” , biz ham asosan kollej, o`quv yurtlar doirasidagi yoshlar bilan shug’ullanamiz. Lekin bu doiradan chetda qolayotgan yoshlar bilan ishlash yo`lga qo`yilmagan. Yoshlar bilan ishlashda aniq vazifalar qanaqa? Yoshlar siyosati nimalarni qamrab oladi? Shulardan kelib chiqib yordam ko’rsatilishi o`rinli bo`ladi”, - deydi Qobil Xidirov.