Breaking News

O'zbekiston yoshlarida tanqidiy qarash yetishmaydi


2008 yil O`zbekistonda Yoshlar yili deb e`lon qilingan. Mamlakat aholisining 60 foizdan ko`prog’ini yoshlar tashkil etadi. Bugungi yoshlar, ular yashayotgan muhit va imkoniyatlar borasida turlicha mulohazalar bildirilmoqda.

O`zbekistonda 18 dan 35 yoshgacha bo`lganlar yoshlar hisoblanadi. Mamlakatda ularning soni 15 milliondan ko`p.

Suhbatdosh yoshlarga ko’ra, ishsizlik, moddiy yetishmovchilik, imkoniyatlarning cheklangani ularni qiynayotgan asosiy muammolardan.

Respublikada yoshlar bilan shug`ullanuvchi rasmiy tashkilotlar bayonotiga ko`ra, bugungi kun yoshlarida har doimgidan ko`ra o`ziga ishonch, kelajakka umid mustahkam.

Nodavlat tashkilot vakillari bunday umidbaxsh qarashlarni inkor etadi.

O`zbekiston yoshlari inson huquqlari bo`yicha nodavlat tashkilot rahbari Suhrob Ismoilovning aytishicha, rahbarlar yoshlarga erk berishdan qo`rqadi.

“Rahbarlar fikricha yoshlarga erk berilsa, nazoratdan chiqib ketadi. Aslida unday emas, ana shu qo`rqoqlikdan qutilish kerak”, - deydi Ismoilov.

Uning aytishicha, bugungi yosh avlodda tanqidiy qarashlarning yetishmasligi va mustaqil fikrning yo’qligi zaminida mavjud cheklovlar yotibdi.

“Tanqidiy qarashlarni tarbiyalovchi vositalar bo’lmagandan keyin bu narsa maktabga ham ko`chadi. O`sib kelayotgan o`quvchningi fikrlari bo`g`iladi, hammani bir xil qolipda tarbiyalashga qaratilgan an`ana kuchli rivojlanyapti”, - deydi Ismoilov.

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov bugungi yosh avlod haqida mulohaza qilar ekan jurnalist yoshlarni misol tariqasida keltiradi.

“Matbuotga kirib kelayotgan yoshlar bilan gaplashganimizda ularda umumiy bir hafsalasizlikni ko`ramiz. Ular o`zlaridan katta yoshda bo`lgan jurnalistlarning shiddatlari nimalar bilan tugaganidan yaxshi xabardor. Ularning ishi, tajribasiga shubha bilan qarayman, chunki ularni tarbiyalanishi, tajriba orttirishida hozirgi O`zbekistondek yopiq bir jamiyatda ishlab turgan biror mexanizmning o`zi yo`q”, - deydi u.

Abdurahmon Tashnov fikricha 2008 yilni “Yoshlar yili” deb e`lon qilinishi ortida siyosiy sabab bor.

“Mamlakatda uzoq davom etayotgan surunkali huquqsizlik, ommaviy qashshoqlik, turg`unlik yoshlarning shiddatini pasaytirib qo`ydi. “Yoshlar yili” esa shunchaki pozitsiyani mustahkamlash uchun qilingan siyosiy hiyla”, - deydi Tashanov.

Biz bilan suhbatda bo`lgan yoshlardan biri mamlakatda yoshlarga e`tibor berilishini quvonchli hol deydi.

“Kelajak, aytilganidek yoshlar qo`lida. Ilm-hunar doirasida ko`pgina imkoniyatlar, qirralar ochib beriladi degan umid bor, yoshlarda”, - deydi u.

U bugungi kun yoshlari hayotida ko`zga tashlanayotgan shunday holatlarga e`tibor qaratadi.

“Hatto maktabda ham menga falon kitobni olib bermading deb emas, o`rtog`im shunaqa kiyim kiyib kelibdi, menga ham shunaqasini olib ber, degan muammo borligidan tabaqalanish kuchayib borayotgani kuzatiladi. Shuningdek, qo`shimcha ilm olish iqtisodga borib taqaladi. Hozir har kim ham qo`shimcha bilim olish imkoniyatiga ega emas ”, - deydi suhbatdoshimiz.

Kuzatuvchilarga ko`ra O`zbekiston yoshlarining asosiy qismi ko’proq ish izlab chetga chiqib ketayotgan yigitlarga to`g`ri keladi.

Ko`p oilalarda tirikchilik aynan shu yoshlarning turli davlatlarda boshdan kechirayotgan haqsizliklar evaziga o’tmoqda.

Bu yoshlarning aksariyati esa allaqachon davlat himoyasiga ishonmay qo`yishganiga urg`u beriladi.

XS
SM
MD
LG