Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) O`zbekistondagi inson huquqlari borasidagi vaziyatdan qoniqish bildirmoqda.
Tashkilotning Toshkentga tashrif buyurgan vakili fikricha respublikamizda so`nggi payt inson huquqlarini ta’minlashga doir qator islohotlar amalga oshirilgan. Mahalliy faollar nazarida esa bu borada hech qanday o`zgarish yo’q, aksincha tazyiqlar jadallashgan.
YXHT Inson Huquqlari va Demokratik Institutlar Byurosi direktori Yanesh Lenarchich Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov bilan muzokara o`tkazgan.
Bundan avval Yanesh Lenarchich nodavlat tashkilot vakillari bilan ham uchrashgan.
“Bu uchrashuvda qatnashgan huquq himoyachilari O`zbekistondagi haqiqiy vaziyat haqida ma`lumot berishgan va o`z tavsiyalarini bildrishgan”, - deydi Suhrob Ismoilov, ishtirokchilardan biri.
Mahalliy faollar YXHTdan ayni paytda qamoqda qolayotgan huquq himoyachilari va mustaqil jurnalistlar taqdiriga ko`mak ko`rsatishni so’ragan.
Lenarchich safari paytida Samarqandda jurnalist Dilmurod Sayyidning apellyatsiya sudi natijasiz tugagan.
Avvalroq YXHT Dilmurod Sayyidning hibsga olinishi yuzasidan tashvish bildirgan edi.
Lekin, deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati xodimi Abdurahmon Tashanov, bu juda zaif chora. Ko`plab xalqaro tashkilotlar sudni o`yin ekanligini ta`kidlab turganda, oddiy bayonot bilan cheklanish, uning firkicha, samara bermaydi.
8 avgust kuni Toshkentda yangi tashkil topgan Ijtimoiy va Huquqiy Muammolar Tahlil Markazi siyosiy mahbuslar taqdiri bo`yicha tadbir o`tkazdi.
Markaz shoir Yusuf Juma, mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov, huquq himoyachisi A`zam Turg`unovga qo’yilgan ayblar, ularning tarjimai holi va faoliyatini o’rganib chiqqan.
Xulosa shuki, bu insonlar ozodlikdan biror jinoyat qilgani uchun emas, balki ko`proq siyosiy faoliyati uchun mahrum etilgan.
Faollar YXHT va O`zbekiston orasida inson huquqlari bo`yicha hamkorlikka shubha bilan qaraydi. Bunga sabab tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi asosan hukumatga qarashli muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
“YXHT hukumat tashkilotlari bilan turli tadbirlar o`tkazib, populistik islohotlarni olqishlab, o`zini muloqotga tayyor qilib ko`rsatayapti. Bu yerda inson huquqlari va prinsiplaridan chekinish kuzatilmoqda”, - deydi Abdurahmon Tashanov.
Tahlilchi Farxod Tolipov nazarida esa YXHT vakolatxonasi – diplomatic missiya va qoidaga ko’ra, a’zo davlatning ichki ishlariga unchalik aralasha olmaydi.
“YXHT juda maqtab yuborayapti degan fikrlarga unchalik qo`shilmayman. Chunki saylovlarni kuzatganda, masalan, ularni hamisha nodemokratik o`tdi deb keladi”, - deydi Tolipov.
EXHT vakili bilan uchrashuvda O’zbekiston rasmiylari hukumat inson huquqlari bo`yicha majburiyatlarini bajarishga sodiq qolayapti deya ta`kidlagan.