O’z ijodini avval mustaqillik orzusiga, keyinchalik esa haqsizlikka qarshi kurashga bag’ishlagan sanoqli o’zbek shoirlaridan biri - Yusuf Jumaning yaqinlariga ko’ra, “Jasliq” qamoqxonasida saqlanayotgan ijodkor hozir qiynoqlar ostida. Sog’lig’i kun sayin yomonlashmoqda.
Yusuf Jumaning ijodi, faoliyati va olilaviy qismati o’zbek jamiyati, siyosati bilan chambarchas bog’liq. Shoir O’zbekiston prezidenti saylovlari arafasida uyushtirgan norozilik chiqishlaridan so’ng hibsga olingan edi.
Prezidentning lavozimdan ketishini talab qilgan shoir hokimiyat vakiliga qarshilik ko’rsatish, haqoratlash, tan jarohati yetkazish aybi bilan 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Yusuf Juma jazoni “Jasliq” qamoqxonasida o’tamoqda. Unga nisbatan qiynoqlar to’xtamayotgani ta’kidlanadi. Yaqinda shoirning qizi Feruza otasi bilan qamoqxonada ko’rishgan.
Shundan so’ng Yusuf Juma jazirama issiqda, non tsexi ustida qurilgan jazo kamerasida saqlangani haqida ma’lumot paydo bo’ldi.
“Borib uch kun kutdim, keyin dadam bilan ko’rishdim. Ahvollari juda og’ir. Non yopadigan tsex ustida qurilgan izolyatorda saqlashgan ekan, juda qiynalib ketdim dedilar. Amnistiya tegadimi deb murojaat qildim, besh yilni hammasini shu yerda o’taydi deb aytishdi”, - deydi shoirning qizi Feruza.
Adabiyotshunos olim Botir Noboyevning aytishicha, shoirning ijodi, shaxsi, oilaviy qismati ham tuzum bilan bog’liq.
“Yusuf Juma ijodi bilan o’tgan asrning 80-yillarida tanishganman. O’sha paytda ham kurashchi shoir sifatida tanilgan. Birinchi kitobi 1984 yilda nashrdan chiqqan. Shu kitobda ham sho’ro davridagi adolatsizliklar, haqsizliklar qalamga olingan edi. Tsenzura humkron payti ko’p yaxshi she’rlari chiqmay qolgan edi. Keyinchalik “Birlik” harakatiga qo’shildi, mitinglarda she’rlar o’qib yurdi”, - deydi adabiyotshunos.
Yusuf Juma bilan birga prezident iste’fosini talab qilgan uning o’g’illari ham turli ayblar bilan qamoq jazosiga hukm qilingan. Shoir oilasi tazyiqlar tufayli mamlakatdan chiqib ketdi. Ayni paytda ular Amerikadan siyosiy boshpana topishgan.
Qamoqxonada shoir ahvolidan xabar oladigan yaqini asosan qizi Feruza.
“Hozir avhollaridan faqat men xabar olayapman. Hech kim borayotgani ham yo’q. Ammalarim borishgan ekan, ularga ko’rsatishmagan, izolyatorda deb”, - deydi Feruza.
Botir Norboyevga ko’ra Yusuf Juma taqdiri XX asr boshida milliy ozodlik uchun kurashgan jadid adabiyoti vakillariga o’xshab ketadi.
“Kuch-g’ayarat bilan davom ettirdi. Hayotdagi nohaqliklar, murakkabliklarni she’riy yo’l bilan ifodalashda davom etayapti”, - deydi adabiyotshunos.
Mustaqillikdan keyin Yusuf Juma kitoblari deyarli nashrdan chiqmagan. Uning ijodi bilan asosan internetda tanishish mumkin. Sharhlovchilar nazarida shoir nafaqat ijodi, balki o’z hayoti misolida haqsizlikka qarshi kurashgan shaxs ekani uchun ham hukumatda qattiq xavotir uyg’otgan.
“Har kimning haqqi bor, fikr erkinligi bor dunyoda. Buning ustiga Yusuf Juma saylov paytida aytdi bu talablarini. Uning haqqi bor buni shior qilishga, aytishga. Bu [shoirning qamalishi] prezidentlik meni otamni mulki degan tushunchani oqibati. Yugurdaklar pagoniga yulduz qo’shish uchun shunaqa ajoyib, vatanparvar, faol fuqarolarni qiynashyapti. Bunga chidash mumkin emas. BMT, Yevropa hamjamiyati bu borada faolroq bo’lishi kerak. Televideniyeda ming martalab gapiradi bag’rikeng xalqim deb. Bag’rikeng bo’lsa bitta shoirini do’zaxga tashlab qarab o’tiradimi?”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.
Shoir Yusuf Jumani ozoq qilish talabi bilan hozirgacha bir necha xalqaro tashkilotlar tomonidan murojaatlar qabul qilingan. Bu murojaatlar natijasizlik bilan kuzatiladi.