Breaking News

Yusuf Juma oilasi hali ham nishonda


Muxolifatchi shoir Yusuf Jumaning o’g’li Mashrab Jumayev og’ir tan jarohati yetkazganlikda aybdor deb topilib, uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan. O`zbekiston davlat televideniyesi esa qamoqxonada 50 yoshini qarshilagan shoir oilasini jamiyat dushmani deya ayblab maxsus film namoyish etmoqda.

Mashrab Jumayev ikki oy muqaddam Buxoro viloyatining Qorako`l tumanida hibsga olingan edi. Bundan avval esa u qo`y o`g`irlaganlikda ablanib, qamoqqa olingan va jarima bilan sud zalida ozod qilingan edi.

Mashrab chet el radiolariga bergan intervyularida asosiy aybi shoir Yusuf Jumaning o`g`li ekankigini ta`kidlab o`tgan.

“Qo`yni egalari ruxsati bilan sotib olganman. U yerda meni asosan shoir Yusuf Jumaning o`g’li ekanim uchun urushdi. Yusuf Jumaning o`g’li ekanligingni o`zi o`n kun emas, o`n yil urushimizga ham yetarli deyishdi. Aslida mening aybim yoq. Qo`yni egalari roziligi bilan, bergan qarzim evaziga, olganman”, - degan edi Mashrab.

Bu orada Yusuf Jumaning turmush o`rtog`i Gulnora Oltiyeva o’g’lining ozod etlishini talab qilib piketlar o`tkazgan. Dekabrdagi prezident saylovlari oldidan Islom Karimov nomzodini quvvatlash uchun majburiy imzolar to’planmoqda deya ommaviy chiqishlar qilgan.

Keyinchlik unga nisbatan O`zbekiston konstitutsiyasiga tajovuz qilganlik aybi bilan jinoy ish qo’zg’atilgan.

Yusuf Juma va uning yana bir o`g`li Bobur prezident Islom Karimov istefosini talab qilib o`tkazgan piketdan so`ng shoirning uyi maxsus xizmat vakillari tomonidan qurshovga olingan edi.

Shoir dekabr oyida Toshkent viloyatining Yangiyo’l tumanida hibsga olingan.

Huquq-tartibot organlari shoir va uning o`g`lini militsiya xodimiga hujum qilganlikda va hokimyat vakilini haqoratlaganlikda ayblab, jinoiy ish ochgan.

O`zbekiston davlat televideniyesi “Bir jinoyat izidan” nomli video film premyerasini reklama qilmoqda. Unda shoirning turmush o`rtog`i Gulnora Oltiyevani ko`rish mumkin.

Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g’li fikricha film shoir oilasini qoralashni maqsad qilgan.

“Reklama go’yoki shoir oilasi militsiya xodimlariga hujum qilayotganini ko’rsatadi. Lekin piketlar, plakatlarda qanday yozuvlar borligi ko`rsatilmaydi. Shoir Yusuv Juma O`zbekistonni yangilash uchun faoliyat yuritayotgan edi. U xalqimizning ulug` shoiri”, - deydi huquq himoyachisi.

Yusuf Juma hukumatni keskin tanqid ostiga olgan iste’dodli shoir sifatida tanilgan. Muxolifatchi faol avval ham qamalib chiqqan.

Shoir o`z she’rlarida hukumat bilan birga muxolifatni ham keskin tanqid ostiga oladi.

“Har qanday zamonlarda ham otashqalb, jamoatchilikka tanilgan haqparvar shoirlar bo`ladi. Shundan kelib chiqib, shoir Yusuf Jumani zamonamizning Cho`lponi va Mashabiga qiyoslash mumkin. Uning ijodidagi inqilobiy kayfiyat esa O`zbekistondagi kabi avtoritar rejimlar tomonidan shavqatsiz jazolandi”, - deydi huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

XS
SM
MD
LG