Breaking News

O'zbekistonda yana bir jurnalist qamoqqa olingan


O'zbekistonda yana bir jurnalist Xolli Norboyev firibgarlikda ayblanib, besh yarim yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Samarqandda esa mustaqil jurnalist Dilmurod Sayid ustidan sud ishi davom etmoqda.

Sudda qatnashgan faollarning aytishicha, jurnalistning hibsga olinishi uning kasbiy faoliyati bilan bog`liq. Mulohazalarga ko`ra, O’zbekistonda internet nazoratiga doir qonun paydo bo’lsa, ajabmas.

Jurnalist Xolli Norboyev Toshkent viloyati Uchtepa tuman sudi tomonidan besh yarim yil qamoq jazosiga hukm qilingan. U oliy o’quv yurtiga kiritish uchun pora olganlikda ayblangan.

Xolli Norboyev bir qator markaziy nashrlarda ishlagan, so’nggi paytda esa Oliy xo`jalik sudi matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.

Mamlakatda tovlamachilik, poraxo’rlik aybi bilan bir necha huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar hibsga olingan.

“Asosiy sababi moddiy qiyinchilik. Berayotgan qalam haqi, maoshi hech narsaga etmaydi. Shuning uchun ham keyingi paytda shunday noxush hodisalarni kuzatish mumkin”, - deydi jurnalist Mamarasul Fayziyev.

Pora talab qilishda ayblanayotgan mustaqil jurnalist Dilmurod Sayid ustidan sud ishi davom etmoqda. Uning jamoatchi himoyachisi Abdurahmon Tashanov so’zlariga ko`ra, jurnalistning hibsga olinishi uning kasbiy faoliyati bilan bog`liq.

“Guvohlardan biri 2004 yildayoq MXX xodimlari unga diktofon bergani haqida ko`rsatma berdi. Keyin men shu holatni aniqlashtirish yuzasidan sudga iltimosnoma jo’natdim, sud rad qildi. Ya’ni o`sha paytlardanoq jurnalistning kasbiy faoliyati huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Dilmurod Sayid bir necha yil avval matbuotda e`lon qilingan tanqidiy maqolasi bilan tanilgan edi. “Advokat press” gazetasida e`lon qilingan “Yo`q haqida badiha”maqolasidan so`ng jurnalist ishdan haydaldi. Keyinchalik maqolalarini asosan internet saytlarida chop etib kelayotgan edi.

O`zbekiston so`z erkinligi keckin cheklangan, mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiq qo`llab kelinayotgan mamlakatlardan. Mamlakatda radio, televideniye va matbuot ustidan to`liq nazorat o`rnatilgan, mustaqil internet saytlari to`sib qo`yilgan.

“O`zbekistondagi hamma nashrlar hukumat idoralariga tegishli. Shuning uchun erkin yoza olishmaydi. Buni hozir senzura desangiz hukumat jurnalistlarning o`zlari bunday mavzularni ko`tarmayapti degan iddaoni aytishi mumkin”, - deydi jurnalistlardan biri.

Boshqa bir journalist fikricha, davlatga tegishli bo`lmagan nashrlar ham hukumatnikidan farq qilmaydi.

“Mustaqil axborot vositasi deb yozilgan gazetalar ham hukumat nazoratida. Yana mustaqil deb qo`yadi. Hammasini kuzatib boraman, birortasida haqiqatni ifodalovchi tanqidiy chiqishlar yo`q”, - deydi u.

Bu to`siqlarga qaramasdan aholi uchun internet mustaqil axborot olishning asosiy manbasi bo`lib kelayotgan edi.

Yaqinda matbuotda internet saytlarini nazorat qilishga qoidr qonun qabul qilish haqida fikrlar yangramoqda.

O`zbekiston matbuot va axborot agenligi vakili Ulug`bek Sultonovning yozishicha, internetni nazorat qilish Rossiya va Isroilda ham muhokama qilinmoqda.

Maqolada asosan zo`ravonlikni targ`ib qiluvchi saytlarni taqiqlash taklif qilinadi. Biroq O`zbekistonda mustaqil axborot saytlari to`sib qo`yilgani yuzasidan izoh yo`q.

XS
SM
MD
LG